09:38 / 26.11.2020
3280
«O‘zbekneftgaz»: Boshqaruv raisi Rossiyaning «EKSAR» eksport sug‘urta agentligi rahbariyati bilan muzokara o‘tkazdi

«O‘zbekneftgaz» AJ delegatsiyasi Moskvada Rossiya Federatsiyasidagi kompaniyalar bilan ikki tomonlama manfaatli hamda istiqbolli hamkorlik masalalarini hal qilish maqsadida muzokaralar o‘tkazmoqda.

Jumladan, «O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev Moskva shahrida «EKSAR» eksport sug‘urta agentligi Bosh direktori Nikita Gusakov bilan muzokara o‘tkazdi.

Muzokara davomida «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyatining uglevodorod ishlab chiqarishni ko‘paytirishga qaratilgan loyihalari muhokama qilindi, unda Rossiya banklarining kredit mablag‘lari uchun sug‘urta qoplamasini olish masalasi ko‘rib chiqildi.

Sug‘urta agentligi 2017–2021 yillarda uglevodorod ishlab chiqarishni ko‘paytirish dasturining ikkinchi bosqichini moliyalashtirishni tashkil etishda faol ishtirok etib, rivojlanayotgan Rossiya banklari sindikatidan olingan kredit bo‘yicha 150,0 million dollar miqdoridagi mablag‘ bilan ta'minlamoqda.

Hamkorlikning yana bir istiqbolli yo‘nalishi – 2021 yilda burg‘ilash va geologiya-qidiruv ishlarini olib borishda kerakli bo‘ladigan moddiy-texnik resurslarni sotib olish uchun «EKSAR» eksport sug‘urta agentligidan mablag‘ jalb qilish. Bu – uglevodorodlar ishlab chiqarishni jadallashtirishga asos bo‘ladi.

Ta'kidlash joizki, «O‘zbekneftgaz» AJ mamlakat iqtisodiyoti va respublika aholisini uglevodorod xomashyosi bilan ta'minlash uchun uglevodorod ishlab chiqarishning prognoz darajasini ta'minlash maqsadida neft va gaz obektlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha faol ish olib bormoqda.

Uchrashuv doirasida tomonlar sug‘urta qoplamasi parametrlarini, kredit xarajatlarini kamaytirishni, kredit bo‘yicha optimal stavkani belgilashni, shuningdek, yuqori texnologiyali uskunalar va Rossiya ishlab chiqarish xizmatlarini sotib olishni moliyalashtirish uchun indikativ shartlarni muhokama qildilar.

«O‘zbekneftgaz» AJ Matbuot xizmati

Top