15:02 / 26.11.2020
7661
Rossiya raketaga qarshi yangi tizimni sinovdan o‘tkazdi

Rossiyada raketaga qarshi yangi tizim sinovdan o‘tkazildi. Bu haqda mamlakat mudofaa vazirligi xabar berdi.

Foto: TASS

Xabarda aytilishicha, sinov Qozog‘istondagi Sari-Shagan poligonida bo‘lib o‘tgan. Sinov aerokosmik kuchlarning havo va raketaga hujumiga qarshi mudofaa ekipaji tomonidan amalga oshirilgan.

Aerokosmik kuchlarning birinchi havo kuchlari va maxsus maqsadli ballistik raketa qo‘shinlari qo‘mondoni general-leytenant Andrey Demin yangi antiraketa “bir qator sinovlardan so‘ng belgilangan natijalarni ko‘rsatdi”, deya ta'kidlagan.

Mudofaa vazirligi so‘nggi marta oktyabr oyi oxirida Sari-Shagan poligonida raketalarga qarshi mudofaa yangi tizimi sinovlari to‘g‘risida xabar bergan edi. Bungacha sinovlar 2017 yilning noyabrida, 2018 yil fevral, iyul, avgust va dekabr oylarida hamda 2019 yil iyun va iyul oylarida bo‘lib o‘tgan edi.

Top