14:36 / 26.11.2020
10617

Samarqandda yaqindagina qurilgan yangi ko‘cha yana kovlanishi mumkin: yo‘l o‘rtasidan suv sizib chiqdi

Bundan bir oy oldin tantanali tarzda foydalanishga topshirilgan Samarqand shahridagi gastronomik ko‘chaning bir qismi yana buziladiganga o‘xshaydi.

Bugun, 26 noyabr kuni, ko‘chaning markaziy qismida suv sizib chiqa boshladi. Bir necha soat ichida yo‘lning suv chiqayotgan qismida yoriqlar paydo bo‘lgan. Chiqayotgan suv allaqachon yo‘lning teng yarmiga yetgan.

Samarqand shahar hokimligi axborot xizmati mazkur muammo mutasaddilar tomonidan o‘rganilgani va bartaraf etish ishlari olib borilayotganini ma'lum qildi.

Orzi Mahmudov ko‘chasi o‘rnida tashkil etilgan mazkur gastronomik ko‘cha ochilish marosimida bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov ishtirok etgandi.

Tadbirda viloyat turizmni rivojlantirish departamenti vakillari ko‘cha mamlakatimizdagi birinchi gastronomik ko‘cha bo‘lishi, uning ikki tomoni bo‘ylab qahvaxonalar, pitsseriyalar, shuningdek, umuman dunyoning 30 dan ortiq xalqlari taomlari tayyorlanishi aytilgan. Shuningdek, kelgusida Orzi Mahmudov ko‘chasida turli festivallar o‘tkazish, ko‘cha musiqachilari va rassomlarini jalb qilish rejalashtirilgan.

Orzi Mahmudov ko‘chasi Vazirlar Mahkamasi qaroriga asosan gastronomik ko‘chaga aylantirilgan.

Vazirlar Mahkamasining “Samarqand viloyatining turizm salohiyatidan samarali foydalanish va uni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida Orzi Mahmudov ko‘chasi - gastronomik turizmni rivojlantirish bo‘yicha maxsus hudud tashkil qilish, xususan, turli mamlakatlar taomlari tayyorlanadigan ovqatlanish nuqtalarini tashkil qilish va ularni tungi vaqtda ham ishlashini ta'minlash ko‘zda tutilgan.

Top