13:03 / 27.11.2020
3480
Abdulaziz Komilov Koreya Respublikasi bosh vaziri bilan uchrashdi

2020 yil 26 noyabr kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov «Koreya Respublikasi – Markaziy Osiyo» 13-hamkorlik forumida ishtirok etish uchun Seul shahriga kelgan Markaziy Osiyo davlatlari delegatsiyalari rahbarlari tarkibida Koreya Respublikasi bosh vaziri Chon Se Gyun bilan uchrashdi.

Foto: TIV axborot xizmati

Tashqi ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston TIV rahbari ikki mamlakat yetakchilari o‘rtasidagi do‘stlik va ishonchga asoslangan munosabatlar «alohida strategik sheriklik» xarakteriga ega davlatlararo hamkorlikning asosi hisoblanishini qayd etgan.

O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida savdo-iqtisodiy va investitsion aloqalarning faollashgani ta'kidlandi. O‘zbekistonda tashkil etilgan qo‘shma korxonalar soni so‘nggi yillarda ikki baravarga oshdi.

Fan, ta'lim, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, iqtisodiyotni raqamlashtirish va «yashil» texnologiyalarni joriy qilish sohalaridagi hamkorlikni yanada kengaytirishga o‘zaro qiziqish bildirildi.

Sog‘liqni saqlash va farmatsevtika jabhalaridagi hamkorlik masalalariga alohida e'tibor qaratildi. Koronavirus infeksiyasi va boshqa zamonaviy epidemiologik tahdidlarga qarshi kurashish uchun mazkur yo‘nalishda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishning muhimligi qayd etildi.

Top