08:00 / 27.11.2020
9106

Fransiya hukumati Tog‘li Qorabog‘ respublikasini tan olishdan bosh tortdi 

Foto: Ukrinform

Fransiya hukumati Tog‘li Qorabog‘ respublikasini tan olmaslik haqida qaror qabul qildi. Bu haqda Fransiya tashqi ishlar vazirligi vakili ma'lum qildi. 

“Senatda ovoz berishdan oldingi muhokamalar vaqtida turizm bo‘yicha davlat kotibi Jan-Batist Lemuan Fransiya hukumatining bu masala bo‘yicha pozitsiyasini eslatib o‘tdi: Fransiya o‘zini mustaqil deb e'lon qilgan Tog‘li Qorabog‘ respublikasini tan olmaydi”, deb aytgan manba. 

Avvalroq Fransiya senati hukumatni Tog‘li Qorabog‘ni tan olishga chaqiruvchi rezolyutsiyani qabul qilgandi. Rezolyutsiya loyihasini 305 deputat qo‘llab-quvvatlagan, faqat bir deputat – Fransiya tashqi ishlar vazirligidagi davlat kotibi Jan-Batist Lemuan unga qarshi chiqqan. U bu tashabbusni tanqid qilib, Tog‘li Qorabog‘ning bir tomonlama tan olinishi hech kimga foyda bo‘lmasligini hamda vositachilik sa'y-harakatlariga xizmat qilmasligini aytgan.

O‘z navbatida, Ozarboyjon hukumati rezolyutsiyani befoyda bir varaq qog‘oz deb baholagan. Bundan tashqari, Boku Fransiya elchisiga ushbu rezolyutsiya yuzasidan norozilik notasi topshirgan. 

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan esa hujjatning qabul qilinishini qutlab, uni “tarixiy qaror” deb atagan.

Top