15:21 / 27.11.2020
12368
Yashnobodda Artel'ga qarashli korxonada gaz sizib chiqishi oqibatida yong‘in yuz berdi

Korxona xodimlaridan "bir guruhi" termik jarohat olgani xabar qilindi.

Joriy yilning 27 noyabr kuni soat 12:00larda Toshkent shahri Yashnobod tumanida joylashgan “Texnokontinental” MChJ korxonasidagi ishlab chiqarish jarayonida ishlatiladigan siqilgan gazning sizib chiqishi tufayli yong‘in yuzaga kelgan.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, natijada voqea joyida ishlayotgan korxona xodimlaridan bir guruhi termik jarohat olgan. Voqea joyiga yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari yetib borguniga qadar korxona xodimlarining sa'y-harakatlari bilan yong‘in bartaraf etilgan.

Jarohat olgan xodimlar zudlik bilan Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam markaziga joylashtirilgan. Ular shifokorlar nazoratiga olinib, bemorlarga tez va malakali tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.

Ayni paytda hodisa ro‘y bergan joyda vaziyatni o‘rganish va bartaraf etish uchun favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi o‘rinbosari boshchiligida tuzilgan respublika ishchi guruhi faoliyat olib bormoqda.

Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registriga ko‘ra, “Texnokontinental” MChJ 2018 yil yanvar oyida ro‘yxatdan o‘tgan. Korxona elektr jihozlarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Korxonaning ta'sischilari Artel Electronics (62,5 foiz) va Ilk Sabah Insaat Anonim Sirketi (37,5 foiz).

Top