22:31 / 27.11.2020
3442

IT Park rahbari oliygohlar talabalari uchun yangi dastur yo‘lga qo‘yilishini ma'lum qildi

Qayd etilishicha, ushbu tashabbus mavjud muammolarni amalda yechish imkonini beruvchi aktual startaplarni yaratish imkonini beradi.

Foto: Mirzo Ulugbek Innovation Center

IT Park rahbari Farhod Ibragimov Facebook sahifasida turli oliygoh talabalarining netvorkingi yo‘lga qo‘yilishini ma'lum qildi.

 “Agar siz IT Park yangiliklarni kuzatib borsangiz, biz talabalar bilan yanada intensiv ishlashga qaror qilganimizdan xabaringiz bo‘lsa kerak. IT Parkʼning universitetlar bilan hamkorligi tufayli o‘quv muassasalarida talabalarga o‘z g‘oyalarini haqiqiy biznes loyihalarga aylantirish imkonini beruvchi inkubatsiya markazlari ochilmoqda”, deyiladi unda.

 Ibragimovning fikricha, yirik IT kompaniyaga asos solish uchun talabalik davrlaridanoq startap yaratishni boshlash kerak bo‘ladi.  

 “Shuningdek, ITʼga ixtisoslashmagan OTMlarning talabalari bilan gaplashib, ular o‘z yo‘nalishlarini “aytichi” talabalardan ko‘ra yaxshiroq uddalashlarini va turli muammolarga ko‘plab yechimlar taklif qila olishlarini tushunib yetdik. Lekin ular shunchaki u yoki bu yechimni qanday qilib amalga oshirishni bilmaydi.

Shu tufayli biz innovatsion texnologik yechimlarni yaratish maqsadida turli oliygoh talabalarining netvorkingini yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Bu mavjud muammolarni amalda yechish imkonini beruvchi aktual startaplarni yaratish imkonini beradi.

Biz allaqachon Toshkentdagi Turin politexnika universiteti, Plexanov nomidagi RIUning Toshkentdagi filiali, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkentdagi INHA universiteti va Toshkentdagi Amiti universiteti singari oliygohlarda inkubatsion markazlar ochishga ulgurdik. Ushbu oliygohlardagi inkubatsion markazlar allaqachon startap loyihalardan ularning bo‘lg‘usi rivoji uchun arizalar qabul qilmoqda.

Yaqin kelajakda biz har bir talaba o‘z g‘oyasini amaliyotga tatbiq etish imkoniga ega bo‘lishi uchun bu turdagi startap platformalarni mamlakatimizning har bir universitetida ochishni umid qilganmiz», deb yozadi IT Park rahbari.

Mavzuga oid
Top