18:37 / 27.11.2020
5352
Mahalliy elektrotexnika mahsulotlari turlarini ko‘paytirish bo‘yicha topshiriq berildi

Ishlab chiqarish murakkab bo‘lmagan va xorijdan olib kelishdagi transport xarajatlari yuqori mahsulotlar ro‘yxati tuzilib, ular Toshkent shahri va Xorazmdagi sanoat zonalarida ishlab chiqarila boshlanadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev elektrotexnika va farmatsevtika sohalarida investitsiya loyihalarini jadallashtirish, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Rasmiy xabarga ko‘ra, mazkur tarmoqlarda ishni zamonaviy asosda tashkil etib, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar turini kengaytirish choralari ko‘rilgani natijasida so‘nggi 3 yilda eksport hajmi 1,7 baravar oshgan. Joriy yilda bu ko‘rsatkich 350 million dollarga yetishi kutilmoqda.

Yig‘ilishda hali kamchiliklar ko‘pligi, elektrotexnika va farmatsevtika iqtisodiyotda «rivojlanish nuqtalari» bo‘lishi kerakligi ta'kidlangan.

«O‘tgan 10 oyda ikkita soha bo‘yicha 2 milliard dollardan ko‘p import bo‘lgan. Mana shu raqamning o‘zi nima qilishimiz kerakligini ko‘rsatib turibdi», – degan Shavkat Mirziyoyev.

Ma'lum bo‘lishicha, joriy yilda elektrotexnika sanoati tarmog‘ida 55 ta loyiha rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 26 tasi yo‘lga qo‘yilgan, 29 tasining ijrosi kechikmoqda. Prezident bunday qoloqlikning sabablarini so‘rab, ularni hal etish bo‘yicha topshiriqlar bergan.

«Elektrotexnika tarmog‘ining drayver yo‘nalishlarini aniqlab olish kerakligi qayd etildi.

Bugungi kunda ishlab chiqarish murakkab bo‘lmagan va xorijdan olib kelishdagi transport xarajatlari yuqori mahsulotlar importi 500 million dollardan ortadi. «O‘zeltexsanoat» uyushmasiga yil yakuniga qadar shunday mahsulotlar ro‘yxatini shakllantirib, Toshkent shahri va Xorazmdagi sanoat zonalarida ishlab chiqarish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Mazkur tarmoqdagi eksportni shu yil yakuni bilan 310 million dollarga, kelgusi yil 370 million dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Bunda dunyoga mashhur onlayn savdo tarmoqlaridan ham foydalanish, xalqaro tenderlarda qatnashish yaxshi samara berishi aytildi. 2021 yilda xalqaro standartlarni joriy etish uchun laboratoriya va sertifikatlash markazini tashkil etish topshirig‘i berildi», – deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Top