11:25 / 27.11.2020
5043
Soliq monitoringini o‘tkazish tartibi tasdiqlandi 

Vazirlar Mahkamasining «Soliq ma'murchiligini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Foto: Depositphotos

Norma’ning yozishicha, qaror bilan boshqa hujjatlar qatorida soliq monitoringini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom ham tasdiqlandi.
 
Soliq monitoringi o‘tkazilayotganda yuridik shaxs tomonidan soliqqa oid qonun hujjatlariga rioya etilishi, soliqlar va yig‘imlar to‘g‘ri hisoblab chiqarilganligi, to‘liq va o‘z vaqtida to‘langanligi (o‘tkazilganligi) tekshiriladi, bular soliq monitoringining predmeti hisoblanadi.
 
Soliq monitoringi:

  • yuridik shaxs ularga nisbatan soliq to‘lovchisi hisoblangan barcha soliqlar va yig‘imlarni qamrab oladi;
  • soliq organi tomonidan soliq monitoringini o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorga asosan o‘tkaziladi;
  • soliq to‘lovchilar uchun ixtiyoriy hisoblanadi;
  • oldingi yil uchun daromadlari yillik moliyaviy hisobot ma'lumotlariga ko‘ra kamida 10 mlrd so‘mni tashkil etgan yuridik shaxslarda o‘tkaziladi;
  • yuridik shaxs tomonidan soliq organiga soliq monitoringini o‘tkazish to‘g‘risidagi ariza taqdim etilgan yildan keyingi kalendar yil mobaynida o‘tkaziladi;
  • soliq monitoringi o‘tkaziladigan yilning 1 yanvaridan boshlanib, soliq monitoringi o‘tkazilgan davrdan keyingi yilning 1 iyulida yakunlanadi;
  • soliq monitoringi quyidagi soliq organlari: Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlar soliq boshqarmalari, yirik korxonalar uchun Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi tomonidan o‘tkaziladi.

Soliq monitoringi nizomda keltirilgan sxema bo‘yicha o‘tkaziladi. Soliq organining vakolatli mansabdor shaxslari va soliq to‘lovchi soliq monitoringining ishtirokchilari hisoblanadi.
 
Soliq monitoringi to‘g‘risidagi nizomda quyidagilar belgilangan:

  • soliq monitoringini o‘tkazish to‘g‘risida ariza berish tartibi va axborotga doir hamkorlik reglamenti;
  • soliq monitoringini o‘tkazish tartibi;
  • soliq monitoringini o‘tkazish chog‘ida axborotga doir hamkorlikni ta'minlaydigan hujjatlarni (axborotni) taqdim etish tartibi;
  • hujjatlarni (axborotni) elektron shaklda taqdim etish to‘g‘risida talabnoma yuborish tartibi;
  • soliqlar va yig‘imlar to‘g‘ri hisoblab chiqarilganligi, to‘liq va o‘z vaqtida to‘langanligi masalalariga doir soliq organining asoslantirilgan fikrini taqdim etish tartibi;
  • o‘zaro kelishuv tartib-taomili.

Hujjat 21.11.2020 yildan kuchga kirdi.

Top