10:48 / 27.11.2020
29326
Yoshlar ittifoqi quruvchining haqini bermayapti. Budjetdan ajratilgan pullar qayerda?

Jizzax shahrida Yoshlar innovatsion markazini qurgan quruvchining 9 mlrd so‘m haqi bir yarim yildan beri to‘lab berilmayapti. Yoshlar ittifoqi kimni aldamoqchi?

Haqdorning haqini bermaslik – na vijdonga, na qonunga to‘g‘ri keladi. Ammo Yoshlar ittifoqi uchun bu qadriyat begonadek ko‘rinmoqda.

Siz suratlarda ko‘rib turgan ushbu bino qurilishida o‘nlab usta-quruvchilar qatnashgan. G‘isht teruvchi, chilangar, suvoqchi, eshik-rom ustasidan tortib elektrikkacha. Ularning ham oilasi, bola-chaqasi bor. Ular ro‘zg‘or tebratish dardida shu qurilishda ishlagan edi. Ammo...

«Haqimni undirishga sud qarori ham yordam bermasa...»

Jizzax viloyati markazidagi Yoshlar markazini qurish va rekonstruksiya qilish bilan «Jizzax Real qurilish ta’mir» MChJ shug‘ullangan. Binoning qurib-bitkazilib, foydalanishga topshirilganiga ham qariyb bir yil bo‘lyapti.

Obektning jami qiymati 14 mlrd 343 mln so‘mni tashkil etadi. Ushbu summaning 5 mlrd 446 mln so‘mi quruvchi tadbirkorga to‘lab berilgan xolos. Qariyb 9 mlrd so‘mni undirolmay quruvchining joni halak.

Bu orada bir necha marta ittifoq bilan sudlashishga va haqligidanki yutib chiqishga ham ulgurdi. Bu haqda Kun.uz joriy yil may oyida, «Yoshlar ittifoqi quruvchi tadbirkorning 10 mlrd so‘m haqini bermayapti» sarlavhali maqola ham e'lon qilgan edi.

Dastlab korxona Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga «Yoshlar qurilish invest» MChJdan 10 mlrd 473 mln so‘m mablag‘ni undirish bo‘yicha da'vo arizasi kiritadi. Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 2020 yil 28 fevraldagi hal qiluv qarori bilan da'vo talablari qanoatlantiriladi va «Yoshlar qurilish invest» MChJdan «Jizzax Real qurilish ta’mir» MChJ foydasiga 10 mlrd 473 mln so‘m asosiy qarz va 160 mln so‘m penya undirish belgilanadi.

Ammo javobgar tomon qarordan norozi bo‘lib sudga kassatsiya tartibida shikoyat kiritadi. Kun.uz muxbiri mazkur sud jarayonlarini bevosita kuzatdi.

Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi va «Yoshlar qurilish invest» MChJ vakillari sudga iltimosnoma kiritib, bajarilgan ishlar bo‘yicha jami summaga e'tirozlari borligini, qurilish ishlari bo‘yicha nazorat o‘lchovi tayinlashni, nazorat o‘lchovi qanchaga xulosa qilsa, o‘shancha summani to‘lab berishga tayyor ekanliklarini bildirishgan.

Iltimosnoma qanoatlantirilib, qurilish ishlari bo‘yicha nazorat o‘lchovi tayinlanadi va uni o‘tkazish «O‘zsanoatqurilishbank»ning mutaxassislariga yuklatiladi. Nazorat o‘lchovi qariyb 3 oy davom etadi va nihoyat haqiqatda bajarilgan ish 14 mlrd 343 mln so‘m ekani haqida o‘z xulosasini sudga taqdim etdi.

Ushbu xulosani inobatga olib, Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi shu yilning 19 oktyabrida tadbirkorga «Yoshlar qurilish invest» MChJ hisobidan da'vogar foydasiga to‘lanmay qolgan 8 mlrd 897 mln so‘mni to‘lab berish majburiyatini nazarda tutuvchi hal qiluv qarori chiqardi.

Bugunga qadar to‘lab berilgan mablag‘ 5 mlrd 446 mln so‘m, shuning 1 mlrd 366 mln so‘mi kassatsiya instansiyasi qarori chiqqandan keyin amalga oshirilgan. Ayni kunda tadbirkor ittifoqdan qariyb 9 mlrd so‘mga haqdor bo‘lib turibdi.

Afsuski, bu pulni to‘lab bermaslik uchun ittifoqdagi o‘yinlar davom etmoqda.

«Yoshlar qurilish invest» MChJning hisob raqamiga MIB tomonidan band solingan. Ammo bu undiruvga sariq chaqa bo‘lsin foyda bergani yo‘q. Boisi «Yoshlar qurilish invest» Markaziy kengash ajratadigan mablag‘lar hisobiga kun ko‘radi, uning boshqa daromad manbayi yo‘q, bo‘lganda ham buncha summani to‘lab bera olmasligi aniq.

«O‘sha paytdagi Markaziy kengash rahbarlarining va'dalariga ishonib, qurilish ishlariga o‘zimning yonimdan mablag‘ sarfladim. Hozirda ishchilardan, qurilish materiallari yetkazib beruvchilar va boshqa yordamchi pudratchilardan milliardlab qarzdorligim bor. Korxonam esa bankrotlik yoqasiga kelib qolgan. Haqimni undirishga sud qarori ham yordam bera olmayapti», – deydi tadbirkor Shuhrat Sotvoldiyev.

«Jizzax Real qurilish ta’mir» MChJ rahbari Shuhrat Sotvoldiyev

«Ish bitdi, eshak loydan o‘tdi»

Avvaliga Qahramon Quronboyev, keyinchalik Alisher Sa'dullayev, endi esa Akmal Jumaboyev boshqaruviga o‘tgan bu tashkilotdagilar tadbirkorning pulini to‘lab berish haqida jo‘yali bosh qotirayotganlari yo‘q.

Ittifoqning Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, mazkur obektni rekonstruksiya qilish bo‘yicha Jizzax viloyati hokimligi, Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi, buyurtmachi «Yoshlar qurilish invest» MChJ hamda Yoshlar ittifoqi Jizzax viloyati Kengashi tomonidan o‘zaro (50/50) «Manzilli dastur» tasdiqlangan va to‘rt tomonlama muhrlangan. Shunga ko‘ra, xarajatlarning yarmini viloyat hokimligi to‘lab berishi kerak, deb hisoblamoqda Markaziy kengash rasmiylari.

Tabiiyki, Kun.uz Jizzax viloyat hokimligi bilan bog‘landi. Hokimlik esa bu obekt rekonstruksiyasi uchun mablag‘ ajratmaganini bildirdi.

Hukumatning tegishli bayonida, ushbu qurilish bo‘yicha barcha xarajatlar Markaziy kengash mablag‘lari hisobidan qoplanishi belgilangan, hokimlikka faqat binoni ajratish va operativ boshqarish huquqi bilan Markaziy kengash balansiga topshirish vazifasi yuklatilgan, deyiladi viloyat hokimligi matbuot xizmati taqdim etgan axborotda.

Xullas, kim va qaysi tashkilot bo‘lishidan qat'i nazar, ish bitdi, eshak loydan o‘tdi, qabilida yo‘l tutmoqdalar.

Yoshlar ittifoqi kimni aldamoqchi?

2019 yil 19 aprel kuni bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov imzolagan chora-tadbirlarning 35-bandida, Jizzax shahrida «Yoshlar innovatsion markazi»ni tashkil etishning moliyalashtirish manbasi sifatida Yoshlar ittifoqi qat'iy belgilangan.

Ittifoqning viloyat hokimligiga «osilishi» shu qadar mantiqsizki, hatto hokimlik istagan taqdirda ham bu pulni to‘lab bera olmaydi. Sababi, biror hujjatda viloyat hokimligi tomonidan mablag‘ ajratilishiga oid ko‘rsatma yoki majburiyat nazarda tutilmagan.

Tadbirkor Shuhrat Sotvoldiyev taqdim etgan yana bir hujjat ko‘p narsaga oydinlik kiritgandek bo‘lyapti. Bu hujjat – Markaziy kengash mablag‘lari hisobidan 2020 yilda amalga oshiriladigan qurilish, rekonstruksiya va mukammal ta'mirlash ishlari manzilli dasturi. Uni Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi raisi A.Jumaboyev, «Yoshlar qurilish invest» MChJ direktori A.Xo‘jaqulov va ittifoqning boshqa mas'ul xodimlari imzolagan. Hujjatning 8-bandida, 2020 yil 1 yanvar holatiga Jizzax viloyatidagi Yoshlar markazini rekonstruksiya qilishning moliyalashtirilmagan qoldiq summasi 9 mlrd 358 mln so‘m qilib ko‘rsatilgan (obektning jami summasi 15 mlrd 68 mln so‘m). Jadvalda aynan shu obekt 8 mlrd 633 mln so‘mga 2020 yilda moliyalashtirilishi ko‘zda tutilgani ko‘rinadi.

Xo‘sh, endi xulosa qilib ko‘raylik, Yoshlar ittifoqi kimni aldashga urinyapti? Prezident va hukumat ko‘rsatmalariga ishongan tadbirkorning aybi nimada? Nima uchun u bu tarzda sarson qilinmoqda?

Dastlab shu ishlarning tepasida turgan va hozirda ham sohani yetarlicha nazorat qilayotgan prezident maslahatchisining birinchi o‘rinbosari Qahramon Quronboyev mazkur masalaning ijobiy yechimi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Aks holda tadbirkor Markaziy kengash va viloyat hokimligi o‘rtasida uzoq vaqt «koptok» bo‘lishda davom etadi.

Kun.uz voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.

Farrux Absattarov, Kun.uz muxbiri
Muhiddin Qurbonov, tasvirchi

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top