20:25 / 28.11.2020
4022
«Hakam bilan kelishgan klub mas'ullariga javobgarlik yo‘qmi?» Huquqshunos O‘FA bayonotiga munosabat bildirdi 

«O‘FAning yuqoridagi bayonoti bo‘yicha ayrim savollar bor edi. Birinchidan, agar hakamlarning korrupsion holatlarga aralashgani rost bo‘lsa, unda ularga nisbatan jinoiy ish ochildimi?» – deya yozmoqda huquqshunos va bloger Xushnud Xudoyberdiyev.

«Bu haqda O‘FA tegishli tergov organlarini ogohlantirdimi? Axir korrupsiya kichkina jinoyat emas, «biz o‘zimiz qulog‘ini tortib qo‘yamiz» deydigan. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bu bo‘yicha biror bayonot beradimi?

Ikkinchidan, agar o‘sha hakamlar o‘yin natijasiga ta'sir qiladigan qarorlar chiqarish uchun kelishgani isbotlangan bo‘lsa, unda o‘sha hakam bilan kelishib, «soqqasini bergan» futbol klubi mas'ullariga javobgarlik yo‘qmi?

O‘sha o‘yin natijalari bekor qilinib, hakamni o‘ziga og‘dirgan jamoaga mag‘lubiyat yozilmaydimi? 

Kelishilgan o‘yinlar natijasi bekor qilinishi ortidan turnir jadvallariga o‘zgarish kiritilmaydimi?

Xuddi Italiyadagi kabi kelishilgan o‘yinlarga aralashgan futbol jamoalarining o‘zi jazolanmaydimi? 2006/2007 yilgi mavsumda Italiya futbolining eng yirik vakillaridan biri bo‘lgan «Yuventus» jamoasi kelishilgan o‘yinlarga aralashgani uchun «B» seriyaga tushirib yuborilgan edi. Bizda-chi? Bizda kuchimiz faqat hakamlarga yetadi-yu, klublarga kelganda jazolashning «o‘zbekona metodi» bo‘ladimi? Yoki hakamning pora olgani anig‘u, lekin kimdan olganini aniqlab bo‘lmay qoldimi? Shu savollarga kimdir javob bersa, xursand bo‘lardik», – deya yozadi Xudoyberdiyev.

Avvalroq, kelishilgan o‘yinlar va korrupsion ishlarga aralashgani uchun FIFA hakami Jasur Muxtorov 5 yil muddatga, bosh hakam Temur To‘xtasinov 2022 yilgacha, bosh hakam Asker Najafaliyevni esa 2020 yil oxirigacha futboldan chetlatilgani va har biri 90, 70 va 10 million miqdorida jarimaga tortilgani haqida O‘FA tomonidan xabar qilingan edi.

Top