12:29 / 28.11.2020
19295
O‘qishini ko‘chirmoqchi bo‘lgan talaba o‘qish joyisiz qolib ketdi. Qanday qilib?

Shu yil yozda Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetining 1-bosqichini tamomlagan Iskandar Tojiddinov hozir talaba emas. Yo‘q, u o‘qishdan haydalmagan, akademik tanaffus ham olmagan. Shunchaki, o‘qishini TATUga ko‘chirmoqchi bo‘lgan xolos...

Otasining aytishicha, Iskandar 2019/20 o‘quv yilida Turin politexnika universitetida 28 mln. so‘mlik kontrakt asosida tahsil olgan. Lekin pandemiya boshlanib, oilada moddiy qiyinchiliklar yuzaga kelgach, u o‘qishini davlat muassasasiga – Toshkent axborot texnologiya universitetiga ko‘chirishga qaror qiladi.

«O‘g‘lim joriy yil avgust oylarida ariza topshirdi. Sentyabr oyida onlayn imtihon bo‘lib o‘tdi. O‘g‘lim 63 ball to‘pladi.

Ko‘p vaqt o‘tmay, 56,7 balldan yuqori olganlar uchun ko‘chirishga ruxsat beriladi, deb Telegram tarmoqlarida xabar keldi. Kim qaysi OTMga topshirgan bo‘lsa, o‘sha OTMga murojaat qilishi kerakligi aytilgan edi. Biz TATUga murojaat qilganimizda, o‘g‘lim haqiqatan ham imtihondan o‘tganini, hujjatlarini yuborishni so‘rashdi.

Turin politexnika universitetidan o‘g‘limning hujjatlarini olib bordik. To‘lov-kontrakt shartnomasini ham berishdi. Boshlang‘ich to‘lovini to‘rtga bo‘lib to‘lash imkoniyatidan foydalanib, 1 mln so‘m o‘tkazdik.

Shundan so‘ng o‘g‘lim pandemiya sababli TATUda Zoom orqali masofadan ta'lim ola boshladi. Biriktirilgan dekan o‘rinbosari o‘g‘limga ta'lim olishi uchun login-parollarni berib, qaysi guruhda o‘qishini ham aniqlab berdi.

Ammo kutilmaganda, TATUdagilar komissiya qarori bilan faqat 100 balldan yuqori ball olgan talabalar qabul qilinishi belgilanganini, hujjatlarini olib ketishimiz kerakligini aytishdi. Turinga qayta murojaat qilganimizda esa ular o‘g‘limni talabalar safidan chiqarganliklarini, o‘qishga qayta qabul qila olmasliklarini ma'lum qilishdi», – deydi ota.

Uning aytishicha, TATUdagilar Iskandar Tojiddinovning hujjatlari asl nusxasini olib kelishni so‘rashgan. Shundan so‘ng ular o‘qib turgan Turin politexnika universitetidan hujjatlarini olib, TATUga olib borishgan. Tabiiyki, Turin universiteti Iskandarni talabalar safidan chiqargan.

Ilhomjon Ergashboyev

Natijada, hozir Iskandar Tojiddinov na Turin politexnika universitetining, na TATUning talabasi.

«Ularning aytishicha, 57 balldan yuqori ball to‘plaganlar TATUning boshqa filiallarida yoki boshqa OTMlarning filiallarida o‘qishi mumkin ekan. Lekin o‘g‘lim Toshkentda, aynan TATUda o‘qishni davom ettirishni xohlayapti. Ular esa qabul qilishmayapti.

Nima uchun talaba o‘zi xohlamagan joyda o‘qishga majbur qilinishi kerak? Nega hammasi hal bo‘lgandan so‘ng shunaqa qaror borligini vaj qilib, o‘qishga qabul qilishmayapti?

To‘lov-kontrakt shartnomasini berishdi. To‘lov ham qildik. O‘g‘lim onlayn darslarda ham qatnashdi. Lekin hozirda hech qanday OTM talabasi emas!» – deydi Ilhomjon Ergashboyev.

«To‘lov-kontrakt shartnomasi berilgani TATU texnik xodimlarining e'tiborsizligi bo‘lgan»

TATU Ta'lim sifatini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i Shavkat Rejabovning ma'lum qilishicha, talabaga to‘lov-kontrakt shartnomasi berilishi texnik xodimlarning e'tiborsizligi bo‘lgan.

«Hujjatlar asl nusxasini so‘rash uchun universitet so‘rov yuborishi kerak. Ya'ni u bola Turin politexnika universiteti talabalari safidan chiqarilishi uchun biz so‘rov berishimiz kerak. Shu so‘rovga asosan, Turin universiteti talaba o‘qishga qabul qilingani haqidagi qarordan ko‘chirma, o‘rta maxsus ta'lim olganini tasdiqlovchi hujjatning asli, o‘qishdan chetlatilgani haqidagi buyruqdan ko‘chirma berishi kerak bo‘ladi.

Bu talabamiz hujjatlarini o‘zi olib qo‘ygan. Biz sababini bilmaymiz. Turin politexnika universiteti talabalari safidan nega chetlatilganining ham sababini bilmaymiz.

Sentyabr oyida onlayn ta'lim boshlangach, yigit: «Mana, o‘qishimni ko‘chirdim» deb, o‘zi borib to‘lov-kontrakt shartnomasini olgan. O‘sha yerda texnik xodimlar mayli deb berib yuborgan.

Bu yigitimiz hozirda O‘zbekiston Milliy universiteti Axborot xavfsizligi fakultetiga o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha ariza bergan», – deydi Shavkat Rejabov.

Ilhomjon Ergashboyevning so‘zlariga ko‘ra, o‘g‘li hech qayerda o‘qiy olmay qolishidan qo‘rqib, o‘qishini boshqa OTMga ko‘chirish bo‘yicha ariza yozgan.

Lekin talaba o‘zi xohlamagan joyda o‘qishini davom ettirishi uning kelajakda qanday mutaxassis bo‘lishini so‘roq ostiga qo‘yadi.

Rahmatillo Isroilov

Top