10:31 / 28.11.2020
2886

O‘zbekiston va Qozog‘iston qo‘shma ulgurji-tarqatish markazlari tashkil etishni rejalashtirmoqda

Joriy yilning 27 noyabr kuni O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqovning Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari R.Sklyar bilan ikki mamlakat vazirlik va idoralari rahbarlari ishtirokida videokonferensiya shaklida muzokaralari bo‘lib o‘tdi.

Muzokara ishtirokchilari ikki tomonlama hamkorlikning bugungi kun tartibini, ilgari erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi va sanoat kooperatsiyasi sohasidagi sheriklikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi.

Suhbat davomida ikki mamlakat agrosanoat korxonalari o‘rtasida ayrim turdagi ekinlarni yetishtirish, qo‘shma chorvachilik majmualari hamda intensiv bog‘larni yaratish sohalarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha chora-tadbirlarga alohida e'tibor qaratildi. Tomonlar tashqi bozorlarga meva-sabzavot mahsulotlari eksportini amalga oshirish maqsadida qo‘shma ulgurji-tarqatish markazlarini tashkil etish dasturini ishlab chiqishga kelishib oldilar.

O‘zbekiston va Qozog‘iston hukumatlari o‘rtasida texnik tartibga solish, metrologiya va mahsulotning muvofiqligini baholash sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim loyihasini kelishishni tezlashtirish bo‘yicha keyingi harakatlar muhokama qilindi.

Muzokaralar davomida urug‘chilikni rivojlantirish sohasida o‘zaro tajriba almashish hamda don va moyli ekinlarning yuqori mahsuldor navlarini yetishtirishni jadallashtirish maqsadida qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni o‘tkazish, ikki mamlakat ilmiy-tadqiqot institutlari darajasida aloqalarni tashkil etish sohasida hamkorlik qilish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Muzokaralar yakunida tomonlar erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayonini kuzatib borish, yuzaga kelayotgan masalalarni zudlik bilan hal qilish va ko‘p qirrali ikki tomonlama sheriklikning yangi tashabbus va yo‘nalishlarini ishlab chiqish maqsadida videokonferensiyalar o‘tkazish amaliyotini muntazam ravishda davom ettirish to‘g‘risida kelishib oldi.

Mavzuga oid
Top