19:00 / 28.11.2020
2218
Parij-2024 Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish uchun vazifalar belgilandi – Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Sport federatsiyalari oldiga aniq vazifalar qo‘yildi

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligida Olimpiya sport turlari bo‘yicha yurtimizda faoliyat olib borayotgan sport federatsiya (assotsiatsiya)lari bilan kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilishga jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev raislik qildi. Unda vazirning birinchi o‘rinbosari Ravshan Ermatov, Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi Rustam Shoabdurahmonov, MOQ bosh kotibi Oybek Kasimov, har ikkala tashkilotning mas'ul xodimlari hamda sport tashkilotlarining rahbarlari ishtirok etdi.

Agar raqamlarga e'tibor qaratsak, Rio-2016 yozgi Olimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sport delegatsiyasi 70ta yo‘llanmani qo‘lga kiritgan edi. Kelgusi yil Yaponiyaning Tokio shahrida bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlariga hozircha sportchilarimiz 41ta (shundan 16tasi paralimpiyachilar) yo‘llanmani naqd qilishdi. Lekin, vaziyatga xolis baho bersak, Tokio-2020da ham mamlakatimiz sportchilari tomonidan qo‘lga kiritiladigan litsenziyalar soni oldingilardan u qadar ko‘p bo‘lmaydi.

Barcha ko‘rsatkichlarda jadal taraqqiy etayotgan Yangi O‘zbekiston sport sohasida ham oldinga qadam tashlamoqda. Demakki, olimpiada o‘yinlarida ishtirok etadigan atletlarimiz safi ham bosqichma-bosqich ortib borishi kerak. Bugun bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ana shu masalaga alohida e'tibor qaratildi.

Butun dunyoni larzaga solgan koronavirus pandemiyasi tufayli Tokio olimpiadasi kechiktirildi. Xolbuki, musobaqa o‘z vaqtida o‘tkazilganida bugun biz XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlarini asta-sekin unutib, 2024 yili Fransiyaning Parij shahri mezbonlik qiladigan XXXIII yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlikni boshlab yuborgan bo‘lardik.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda sport federatsiyalari oldiga Parij-2024 o‘yinlariga har tomonlama puxta tayyorgarlik ko‘rish, unda litsenziyalar va medallar sonini ko‘paytirish vazifasi qo‘yildi. Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda har bir sport tashkilotining Parij-2024 Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik borasidagi rejalari tinglanib, litsenziya olish imkoniyatlari, ko‘zlangan maqsadni amalga oshirishda to‘sqinlik qiladigan muammolarni bartaraf etish kabi masalalar muhokama qilindi. Yig‘ilishda so‘z olgan MOQ raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi prezidenti Azizjon Kamilov federatsiya va assotsiatsiyalar mutasaddilarining litsenziyalarni qo‘lga kiritish borasidagi rejalarini keskin tanqid qildi.

Ma'lumki, suv sporti turlari Olimpiya o‘yinlarida eng ko‘p medallar va litsenziyalar o‘ynaladigan sport turi hisoblanadi. Shu bois vazirlik va MOQ tomonidan ushbu sport turi bo‘yicha Parij olimpiadasiga 35ta yo‘llanma qo‘lga kiritish vazifa etib belgilangan bo‘lsada, federatsiya vakili 18ta litsenziya olish ko‘zlanayotganini ma'lum qildi. Tabiiyki bu javob yig‘ilish ishtirokchilarini qoniqtirmadi. Shu bois A.Kamilov nafaqat suv sporti turlari, balki barcha sport turlaridan imkon qadar maksimal yo‘llanmalar olishga harakat qilishi kerakligi, buning uchun Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda MOQ barcha sharoitlarni yaratib berishini aytib o‘tdi.

Shuningdek, yig‘ilishda yana bir qator sport turlarining rejalari ham keskin tanqid qilindi. Tadbir davomida jamoaviy sport turlariga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Sir emaski, jamoaviy sport turlarida qo‘lga kiritilgan medallar jamoa uchun bitta hisoblansada, litsenziyalar soni sportchi boshiga hisoblanadi. Shunday ekan Olimpiya o‘yinlarida atletlarimiz sonini ko‘paytirishda sportning o‘yin turlaridan litsenziya olish talab qilinadi.

Yig‘ilishda mutasaddilar tomonidan seleksion musobaqalarga alohida e'tibor qaratish orqali mahoratli yoshlarni saralab olish, sportchilarning tibbiy-farmakologik ta'minotini yaxshilash, federatsiyalarning moddiy-texnik bazasini kuchaytirish kabi ustuvor masalalar bo‘yicha tegishli ko‘rsatma va fikrlar bildirildi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Matbuot xizmati

Top