08:05 / 28.11.2020
4104
Ta'lim to‘g‘risidagi hujjatlarning namunalari tasdiqlandi

Vazirlar Mahkamasi “Boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta'lim to‘g‘risidagi hujjatlarning davlat namunasini tasdiqlash haqida”gi qarorni qabul qildi.

Norma’ning yozishicha, qaror bilan:

  • Boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta'lim to‘g‘risidagi diplomlarning davlat namunalari va tavsifi;
  • Boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta'lim to‘g‘risidagi diplomlar ilovasining davlat namunasi;
  • Boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta'lim muassasalarida qo‘shimcha kvalifikatsiyalarni egallash bo‘yicha sertifikatning davlat namunasi va tavsifi;
  • Boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta'lim muassasalarida beriladigan akademik ma'lumotnomaning davlat namunasi tasdiqlandi.

Diplomlar va ularning ilovalari, sertifikat blankalarini tayyorlash bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish aniq hisob-kitoblarga asosan 2021 yildan boshlab Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi.
 
Diplomlar va ularning ilovalari, sertifikat blankalari (dublikat berish holatlari bundan mustasno) bitiruvchilarga, akademik ma'lumotnomalar esa - o‘qishdan chetlatilgan o‘quvchilarga bepul beriladi.

MB huzuridagi "Davlat belgisi" DUK hujjatlar Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining buyurtmasi bo‘yicha muhofazalangan maxsus qog‘ozlarda shartnoma asosida tayyorlab berilishini ta'minlashi lozim.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligiga 3 oy muddatda Davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘lar hisobidan diplomlar hamda sertifikat blankalariga individual QR-kod qo‘yish tizimi hamda uning dasturiy ta'minoti ishlab chiqilishini ta'minlash topshiriladi.

Vazirlar Mahkamasi qarori prezidentning "Professional ta'lim tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida" 2019 yil 6 sentyabrdagi PF-5812-son farmonini amalga oshirish doirasida qabul qilingan.

Hujjat 20.11.2020 yildan kuchga kirdi.

Top