17:49 / 28.11.2020
3506
Xalqaro startaplar tanlovida O‘zbekiston nomidan qaysi kompaniya qatnashishi ma'lum bo‘ldi
Foto: Seedstars Summit

IMAN kompaniyasi Seedstars World Competition yirik xalqaro startaplar tanlovining milliy turida g‘olib bo‘ldi. Kompaniya 2021 yil aprel oyida bo‘lib o‘tadigan hamda mukofot fondi 500,000 dollarni tashkil etadigan final bosqichida O‘zbekiston nomidan ishtirok etadi.

IMAN kompaniyasi bugunga qadar Entrepreneurship World Cup chempionati natijalariga ko‘ra, dunyoning eng yaxshi startaplar yuztaligiga kirib, 1 million dollar miqdoridagi mukofotni yutib olgandi.

IMAN haqida

IMAN – bu 3 ta mahsulot: elektron savdo maydonchasi, sarmoya va muddatli to‘lov xizmatini birlashtirgan ilova. Har bir xizmat turli platformalar bilan integratsiyalashgan ilovaning o‘ziga xosligi shundaki, barcha xizmatlar Islom moliyasi tamoyillariga muvofiq ishlaydi va kamida 1 million so‘mga ega bo‘lgan har qanday shaxs investorga aylanishi mumkin.

IMAN Marketplace (elektron savdo maydoncha) turli onlayn va oflayn do‘konlarning 10 mingdan ortiq mahsulotlarini o‘zida jamlagan onlayn tizimdir. Buning uchun IMAN Marketplace’ga ulanish va sotishni boshlash uchun IMAN Biznes tizimiga ulanish hamda do‘kondagi mahsulotlarni har kuni yangilab turish kifoya. Platformadagi turli mahsulotlar, kiyimlar, xo‘jalik buyumlaridan to ko‘chmas mulk va avtomobillargacha mavjud. Ushbu mahsulotlarni ikkinchi xizmat – IMAN Pay orqali muddatli to‘lov asosida sotib olish mumkin.

IMAN Pay – bu xaridorlar mahsulot va xizmatlarni muddatli to‘lov asosida sotib olishlariga imkon beruvchi to‘lov xizmati. Bugungi kunda ushbu xizmatdan uydan chiqmay yoki O‘zbekistondagi 100 dan ortiq do‘konlar kassalari orqali foydalanish mumkin. Barcha mahsulotlar IMAN Invest xizmati orqali moliyalashtiriladi.

IMAN Invest – mavjud investitsiya va xizmatlarni boshqarish uchun xizmat. Qulay va shaffof investitsiya platformasidan foydalanishni istagan har qanday shaxs investor bo‘la oladi.

«Dunyo bo‘yicha 700 million musulmonlar an'anaviy bank va omonat xizmatlari e'tiqodlariga zidligi tufayli ulardan foydalana olmaydilar. 30 milliondan (aholining 90%) ortiq musulmon yashaydigan O‘zbekistonda Islom moliyasi mahsulotlarini taklif etadigan bank mavjud emas va shu sababli ham IMAN taklif etayotgan xizmat yanada dolzarb hisoblanadi. Biz investorlarning daromad qilishiga va xaridorlar hayotini maksimal darajada qulay va oson qiluvchi sodda, tushunarli tizimni yaratishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘ydik.

Biz nafaqat insonlarni yagona falsafa atrofida birlashtirishni, balki sarmoyadorlarga sarmoya kiritish orqali daromad olish bilan birga insonlar hayot darajasini oshirishlariga imkon bera oldik. Statistik ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolarining 10 million dollardan ortiq pullari «yostiqlari ostida yotibdi». Shu kabi mablag‘lardan foydalanish imkoniyatini IMAN’ga taqdim etgan har qanday shaxs sarmoyadorga aylanishi mumkin», deydi IMAN kompaniyasi asoschisi va bosh direktori Rustam Rahmatov.

«Biz banklar va sotuvchilar uchun foydali bo‘lgan muddatli to‘lov imkoniyatini yaratish va sarmoyalarni jalb qilish uchun to‘laqonli halol yechim taklif qila oldik. Shuning uchun, dunyoning istalgan yerida, istalgan an'anaviy bank uchun qo‘shimcha investitsiyaviy tizim sifatida, shuningdek elektron savdo mahsulotlari uchun esa moliyaviy maydoncha sifatida tanishtirilishimiz mumkin. Bizning barcha mahsulot va xizmatlarimiz foydalanuvchilar uchun maksimal darajada qulay bo‘lgan ilovada jamlangan. Ishonamizki, kelajak turli sohalarga tegishli bo‘lgan turli vazifalarni, moliya, hordiq va hayot tarzini bir joyda birlashtiradigan shunday ekosistemalar bilan bog‘liq. Biz bu loyihani O‘zbekistonda amalga oshirayotgan bo‘lsak-da, maqsadimiz xuddi shunday ekotizimni dunyodagi musulmonlarga taqdim etish», deydi IMAN kompaniyasi hammuassisi va strategik rivojlanish masalalari bo‘yicha direktori Mark Zubov.

P2P moliyalashtirish o‘zining texnologiyasi, harakatliligi, byurokratik holatlarning kamligi, shuningdek, har bir inson bankning ishtirokisiz undan foydalana olishi mumkinligi sababli AQSh, Buyuk Britaniya, Xitoy va boshqa ko‘plab mamlakatlarda mashhur bo‘lib ulgurdi.

Moliyalashtirishning bu turi xatarlarning taqsimlanishiga asoslanganligi tufayli bugungi kunda ko‘plab iste'molchilarni jalb etmoqda. Mutaxassislar ushbu modelni asos qilib olishga qaror qilishdi va bu turdagi moliyalashtirishga O‘zbekistonda talab yuqori bo‘lishiga umid bildirishmoqda.

Bugunga qadar kompaniya ta'sischilar, shuningdek ko‘plab sarmoyadorlarning mablag‘lari hisobiga moliyalashtirib kelinmoqda. Hozirda IMAN 2 million AQSh dollari miqdorida sarmoya jalb qilish maqsadida xalqaro sarmoyadorlar bilan hamkorlik qilmoqda. Ushbu mablag‘lar mahsulot sifatini yaxshilash, marketing va muddatli to‘lov xizmatlarini rivojlantirish uchun yo‘naltiriladi. Kundan-kunga IMAN’ga nisbatan qiziqish ortib borayotganligi sababli, kompaniya boshqa rivojlanayotgan bozorlarga ham kirib borishni rejalashtirmoqda.

Islomiy moliya haqida

Islom moliyasining an'anaviy moliyadan farqi shundaki, Islom moliyasi foyda va zararni taqsimlash tamoyillariga amal qiladi va faqat bitta tomon tarafidan qoplanadigan tavakkalchilik va hamda sudxo‘rlikka asoslangan bitimlarni taqiqlaydi. Islom moliyasi xatarlar va foyda jarayonning barcha ishtirokchilari o‘rtasidagi adolatli muvozanatni nazarda tutadi. G‘arbda foyda va xatarlar ikki tomon o‘rtasida teng taqsimlanadigan ushbu kapitalni moliyalashtirish mexanizmi «skin-in-the game» nomi bilan tanilgan.

Islom moliyasi shaffoflik, teng mas'uliyat va real aktivlarni moliyalashtirishni nazarda tutganligi tufayli olimlar tomonidan ushbu moliyalashtirish turi real iqtisodiyotni rivojlantiradi va jamiyatdagi tengsizlik darajasini kamaytiradi deb tan olingan.

Seedstars haqida

Seedstars – rivojlanayotgan mamlakatlardagi xalqaro startaplar tanlovi. Platforma Seedstars venchur fondi ko‘magida Jyenevada tashkil etilgan. Tanlov har yili turli sohalarda bitta g‘olibni aniqlaydi.

Top