20:46 / 29.11.2020
14520
Yaponiya tungi osmonida yorqin jism uchib o‘tdi (video)

29 noyabrga o‘tar kechasi, soat 01:35larda Yaponiyaning g‘arbiy qismi ustidan yorqin jism uchib o‘tgani qayd qilindi.

Foto: Videodan kadr

Tungi osmonni kesib o‘tayotgan katta “olovli” sharning ko‘plab videolari ijtimoiy tarmoqlarda e'lon qilingan. Bundan tashqari, samo jismining tushishi NHK telekanalining Mie, Aiti va boshqa prefekturalarda o‘rnatilgan kameralarida muhrlangan.

Videolarda bolid o‘z ortidan dumsimon iz qoldirib Yer tomon yo‘nalayotgani, so‘ngra tungi osmonda yorqin chaqnoq bo‘lib portlagani aks etgan.

Xego prefekturasidagi Akasi planetariysi direktori Takesi Inouening Kyodo axborot agentligiga xabar berishicha, osmonda kamdan-kam holatlarda Zuhro sayyorasidan yorqinroq bolidlarni ko‘rish mumkin.

“Fikrimizcha, ushbu bolidni so‘nishidan oldingi oxirgi chaqnashi yorqinligi bo‘yicha to‘lin oyga qiyoslash mumkin”, deb aytgan Inoue.

Yaponiyalik mutaxassislarning ta'kidlashicha, mavjud videolar tahlili asosida bolidning uchish trayektoriyasini aniqlash mumkin. Shundan keyin uning kelib chiqishini o‘rnatish mumkin bo‘ladi.

G‘arbiy prefekturalar aholisining ta'kidlashicha, samo jismi qulashi kuchli shovqin bilan kechgan.

Yaponiya milliy astronomik observatoriyasida ma'lum qilinishicha, har oy bunday bir nechta “olovli” shar kuzatiladi, biroq ularning qulayotganida kamdan kam holatlarda shovqin eshitiladi.

Iyulda ham Tokio ustida shunday yorqin jism kuzatilgan. Keyinroq u meteor ekani o‘rganilgan. 

Top