22:41 / 30.11.2020
47778
Faxrizoda nima uchun o‘ldirildi: parda ortida qanday sabablar bor?

Eronlik yadroshunos olim Muhsin Faxrizoda garchi o‘ldirilguniga qadar unchalik mashhur bo‘lmagan bo‘lsa-da, Eronning yadro dasturi bilan bog‘liq doiralarda muhim insonlardan biri sanalar edi.

Foto: Reuters

G‘arb xavfsizlik manbalari ham uning yadro dasturida nufuzli shaxs bo‘lganini ta'kidlamoqda. Eron matbuoti esa Faxrizodaning naqadar muhim inson ekani haqida kutilganidan ko‘ra kamroq xabarlar e'lon qilmoqda va uning nomini asosan mahalliy Covid-19 testini ishlab chiqarishga hissa qo‘shgan olim sifatida tilga olmoqda.

«Eron yadro dasturi bir kishiga bog‘liq bo‘lgan davr o‘tmishda qoldi», deydi Eron yadro dasturini diqqat bilan kuzatib boruvchi Londondagi Xalqaro strategik tadqiqotlar instituti mutaxassisi Mark Fitspatrik.

Shunday bo‘lsa-da, Faxrizodaning ko‘plab tansoqchilar bilan yurishi uning xavfsizligiga jiddiy e'tibor berilganini ko‘rsatadi. Shu bois, ushbu qotillik ortidagi sabablar Eronning yadroviy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan siyosiy motiv bo‘lishi mumkin.

Ikki ehtimol bor: ulardan biri – AQShda hokimiyat tepasiga kelishi kutilayotgan Bayden ma'muriyati va Eron o‘rtasidagi yaqinlashuvning oldini olishga urinish. Ikkinchi esa Eronni yana qasos olishga majbur qilishdir.

«Dushmanlarimiz og‘ir va asabiy kunlarni boshdan kechirishmoqda. Ular global vaziyat o‘zgarib borayotganini bilib turishibdi va shuning uchun ham mintaqada notinchlik keltirib chiqarishga intilishmoqda», dedi Eron prezidenti Hasan Ruhoniy suiqasd bilan bog‘liq ilk bayonotida. Ruhoniy «Eronning dushmanlari» deganda, odatda, Tramp ma'muriyati, Isroil va Saudiya Arabistonini nazarda tutadi.

Isroil va Saudiya Arabistoni Jo Baydenning inauguratsiyasi ortidan AQShning Yaqin Sharqdagi siyosati o‘zgarishidan va bu o‘zgarish ularga ta'sir qilishi mumkinligidan xavotirda. Chunki Bayden o‘zining saylovoldi kampaniyasida 2015 yilda Eron bilan imzolangan va Tramp bekor qilgan yadroviy kelishuviga qaytishini aytgandi.

Isroil ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu va Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad ibn Salmon 22 noyabr kuni Saudiya Arabistonining Neom shahrida yashirincha uchrashib, Eron bilan bog‘liq rejalar haqida suhbatlashgan.

Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vazirligi bunday uchrashuv bo‘lmaganligini bildirdi. Isroil ommaviy axborot vositalarining yozishicha, Netanyahu ushbu uchrashuv paytida Salmonni ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirishga ko‘ndira olmagan.

23 noyabr kuni Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan husiychilar Saudiya Arabistonining Jidda shahridagi Aramco neft zavodiga hujum qilishdi. Eronning hukumat nazorati ostidagi ommaviy axborot vositalari esa «husiychilarning Quds-2 ballistik raketasi bilan qilgan qahramonlik hujumini» yuqori baholadi.

«Ushbu strategik qadam Saudiya-Isroil uchrashuvidan so‘ng amalga oshirildi va bu ularga noto‘g‘ri qadam qo‘ymaslik haqida o‘ziga xos ogohlantirish bo‘ldi», deb aytgan «Mehr» agentligi.

Ushbu hujumga Saudiya Arabistoni bilan bir qatorda AQSh ham o‘z munosabatini bildirdi.

AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha sobiq maslahatchisi Jon Bolton joriy yilda nashr etilgan kitobida Eronning husiychilarni qo‘llab-quvvatlashini Tramp ma'muriyati «AQShning Yaqin Sharqdagi manfaatlariga tahdid» deb bilishini aytgandi.

Qayd etish joiz, Neomdagi uchrashuv Qatar va Birlashgan Arab Amirliklariga tashrifi chog‘ida Eron bo‘yicha muzokaralar olib borgan AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo tomonidan tashkil etilgan, degan da'vo ham ilgari surilmoqda.

AQSh matbuotining yozishicha, Tramp ma'muriyati ikki hafta oldin Erondagi yadro inshootlariga hujum uyushtirish ehtimoli xususida tekshiruv o‘tkazgan.

Tramp o‘z vakolat muddati tugashidan oldin Eronga qarshi qilingan so‘nggi operatsiyasi orqali yana dunyo kun tartibiga chiqmoqchi ekani haqida fikr bildirayotganlar ham bor.

Ta'kidlash lozimki, yanvar oyida Donald Tramp Eronning Iroqdagi eng muhim harbiy qo‘mondonlaridan biri bo‘lgan Qosim Sulaymoniyni aviazarba orqali o‘ldirishga buyruq bergan va garchi BMT buni «noqonuniy» deb e'lon qilganiga qaramay, bu operatsiyadan faxr tuyishi haqida bayonotlar bergandi.

Shunga asoslangan holda, Tramp suiqasdlarga qarshi bo‘lmagan, degan fikrni aytish mumkin.

Eron esa Faxrizoda suiqasdida Isroilni ayblamoqda.

Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu 2018 yilda teleko‘rsatuvlardan birida Faxrizodaning ismini tilga olib, «Bu nomni esdan chiqarmang» degani ham e'tiborni jalb qilmoqda.

AQSh Yaqin Sharqda o‘zini himoya qilishda davom etishiga ishonch bildirsa-da, Bayden Antoni Blinkenni Davlat departamentiga nomzod qilib ko‘rsatgani Isroilni tashvishga solmoqda. Chunki Blinken Eron bilan yadroviy kelishuvni ochiq-oshkora qo‘llab-quvvatlaydi.

Yaqin Sharqdagi siyosat falastinliklar uchun ijobiy natijalarga olib kelishi mumkin. Blinken Trampning Isroil elchixonasini Al-Qudsga ko‘chishini tanqid qilmoqda. Ammo Bayden ushbu harakatni orqaga qaytarmasligini ochiqladi. 

Eron oliy diniy rahnamosi oyatulloh Ali Xominaiy Faxrizoda suiqasdi aybdorlarini jazolashga chaqirdi.

Eron kelishuv kengashi kotibi Muhsin Rizoiy mamlakatning xavfsizlik va razvedka bo‘yicha bo‘shliqlariga ishora qildi. «Eron razvedka bo‘linmalari josuslar va chet el agentlarini aniqlab, suiqasd bo‘linmalarining shakllanishiga yo‘l qo‘ymasligi kerak», dedi u.

Suiqasddan so‘ng, hukumat harbiy va razvedka sohasida juda kuchli ekani haqida bayonot bergan bo‘lsa-da, ko‘plab eronliklar ijtimoiy tarmoqlarda juda yaxshi himoyalangan bir shaxsning kuppa-kunduzi qanday qilib o‘ldirilgani haqida savol berishmoqda. Shuningdek, mamlakat ichidagi ko‘plab odamlarni hibsga olish uchun suiqasddan bahona sifatida foydalanilishidan xavotirlanayotganlar ham bor.

Tramp ma'muriyatining vakolat muddati tugamoqda, Isroil va Saudiya Arabistoni eng katta tarafdorlarini yo‘qotmoqda. Eron esa Bayden ma'muriyati AQShni yadroviy bitimga qaytargach, ba'zi sanksiyalardan qutulish va iqtisodiy muammolardan biroz yengillashni umid qilmoqda. Bunday vaziyatda esa Eronning qasos harakatini uyushtirishi mantiqsiz tanlov bo‘ladi.

Top