22:38 / 30.11.2020
11853

IIV rahbarlari sayyor qabul o‘tkazdi. Murojaatchilarning katta qismi – tizimdagi sobiq xodimlar

Toshkentda bir necha kundan buyon huquq-tartibot idoralari rahbarlarining sayyor qabullari bo‘lib o‘tmoqda. 30 noyabr kuni respublika darajasidagi rahbarlar murojaatchilar shikoyatlarini tingladi.

Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Rustam Xotamovning Kun.uz muxbiri bilan suhbatda aytishicha, murojaatlarning katta qismi – ichki ishlar idoralariga ishga tiklash va fuqarolikka qabul qilish masalalarida bo‘lgan.

«Tashrif buyurganlar soni ko‘p. Buning hammasini obektiv va sub'yektiv sabablari bor. Ichki ishlar organiga murojaatlarning aksariyat qismi – ichki ishlar organiga tiklash va fuqarolikka qabul qilish masalalarida.

Ichki ishlar organlariga tiklash masalasiga kelsak. Tizimdagi xodimlar turli sabablarga ko‘ra ishdan bo‘shatilishi mumkin. Ayrimlari nohaq bo‘shatilganliklari bo‘yicha sud hukmi chiqib, ular oqlangan. Shunday hollarda biz vazirlik buyrug‘i bilan ularning haq-huquqlarini albatta tiklab, ularni xizmatga qayta qabul qilyapmiz. Lekin shunday holatlar ham borki, ichki ishlar idoralaridagi xizmati mobaynida turli kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan: xizmat intizomini buzgan, turli jinoyatlar sodir etgan.

Ular bilan, ya'ni bo‘shab ketgan xodimlar bilan tushuntirish ishlari olib boryapmiz. Chunki xizmat intizomini qo‘pol ravishda buzgan, spirtli ichimliklar ichgan xizmat paytida... Yoki bo‘lmasa, fuqarolarga qo‘pol muomalada bo‘lib, noo‘rin xatti-harakatlar sodir etgan xodimlarga tushuntirish beryapmiz», – dedi vazir o‘rinbosari.

Rustam Xotamov

Qabul kunining o‘zida 5 nafar shaxsga O‘zbekiston fuqaroligi berildi.

Top