10:35 / 30.11.2020
3808
«O‘zbekneftgaz»: Boshqaruv raisi Gazli gazni qayta ishlash zavodidagi investitsion loyiha holatini o‘rgandi

«O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev Gazli gazni qayta ishlash zavodida sayyor yig‘ilish o‘tkazdi.

Yig‘ilishda qiymati 49,4 mln dollarlik «Gazni oltingugurtdan tozalash qurilmasida propan-butan aralashmasini olish qurilmasini qurish» loyihasi yakuniy bosqich qurilish ishlari muhokama qilindi.

Loyiha – yiliga 4,5 mlrd kub metr gazni qayta ishlash quvvatiga ega yangi propan-butan aralashmasini olish qurilmasini qurish orqali 80,0 ming tonnagacha propan-butan aralashmasi hamda 37,5 ming tonna kondensatni ishlab chiqarishga va buning asosida ichki bozorda ushbu mahsulotlarga oshib borayotgan talabni qondirishga qaratilgan.

Boshqaruv raisi gazni tseolitli quritish qurilmasi, propan-butan aralashmasini olish qurilmasi, mash'ala xo‘jaligi, suyultirilgan gazni saqlash ombori va iste'molchilarga yetkazish uchun quyish uskunalari, laboratoriya, operator binolari qurilishi yakuniy bosqichida aniqlanayotgan kamchiliklarni qisqa fursatda bartaraf etish kerakligini ta'kidladi.

Quruvchi tashkilotlar bilan birgalikda qurilish-montaj ishlarini uzluksiz olib borish ishlari bo‘yicha topshiriqlar berildi. Gazdan propan-butan aralashmasini ajratib olish qurilmasini qisqa muddatda ishga tushirish bo‘yicha kerakli uskuna va jihozlar so‘zsiz yetkazib berilishi kerakligini ta'kidladi.

Ma'lumot uchun, qurilmani uskuna va materiallar bilan ta'minlash maqsadida, ishlab chiqaruvchi korxonalar va ularning rasmiy vakillari bilan umumiy qiymati 13,87 mln dollarga teng 18 ta xorijiy shartnomalar tuzilgan bo‘lib, barcha shartnomalar bo‘yicha moliyalashtirish ishlari amalga oshirilgan.

Import asosida uskunalarni yetkazib kelish doirasida «Gazli» gazni qayta ishlash zavodiga Ukrainaning «Sumskoye NPO» zavodida ishlab chiqarilgan adsorber va isitish pechi, «Turbogaz» zavodidan turbodetander, Rossiyaning «Gidromashservis» zavodining nasos va agregatlari, «AZSTRASTSTROY» zavodining suyultirilgan gazni quyish uskunalari, «Promresurs» kompaniyasining porshenli kompressor agregati, Germaniyaning «Linde AG» kompaniyasining issiqlik almashinuvchi uskunasi, AQSh va Chexiya davlatlarining «Izzy Group Inc», «Global Industrial Solution ss.r.o.» kompaniyalaridan nazorat-o‘lchov uskunalari, avtomatika hamda tizim dasturiy ta'minoti olib kelindi va montaj ishlari amalga oshirildi.

Boshqaruv raisi uglevodorodlar qazib chiqarishni oshirish maqsadida burg‘ilashdan chiqadigan quduqlarni tez va sifatli ishga topshirish bo‘yicha «O‘zneftgazburg‘ilashishlari» korxonasi rahbari Ulfat Amonovga hamda Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi direktori Alisher Egamovga aniq vazifalarni belgilab berdi.

O‘z navbatida, «Gazli» gazni qayta ishlash zavodi boshlig‘i Sherzod Shoimov so‘zga chiqib, Gazdan propan-butan aralashmasini ajratib olish qurilmasini ishga tushirish bo‘yicha o‘z takliflarini berdi.

Sayyor yig‘ilish so‘ngida, 2020 yilda uglevodorodlar qazib chiqarish rejalarini so‘zsiz bajarish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi.

So‘ngra, Boshqaruv raisi boshchiligidagi ishchi guruh a'zolari Gazni oltingugurtdan tozalash qurilmasida bo‘lib, u yerdagi holatni o‘rgandi.

Shuningdek, zamonaviy uslubda qurilgan dispetcherlik xizmati binosi va u yerdagi sharoit bilan tanishib chiqildi.

Hamkor qurilish korxona vakillari bilan birgalikda Gazdan propan-butan aralashmasini ajratib olish qurilmasidagi qurilish-montaj ishlari ham nazorat qilindi.

«O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi uskuna va jihozlarni xarid qilishda mahalliy korxonalarga e'tibor qaratilayotgani, aynan ushbu loyiha doirasida mahalliy korxonalar bilan umumiy qiymati 132,54 mlrd so‘mlik shartnomalar tuzilganini ma'lum qildi.

Mehriddin Abdullayev boshchiligidagi ishchi guruhning Buxoro viloyatiga safari davom etmoqda.

«O‘zbekneftgaz» AJ
Matbuot xizmati

Top