11:33 / 30.11.2020
37127
«O‘zgidromet» dekabr oyida ob-havo qanday bo‘lishi to‘g‘risida ma'lumot berdi

Dekabr qish faslining birinchi oyi bo‘lsa ham, lekin eng sovuq davr hisoblanmaydi, deb yozmoqda «O‘zgidromet».

Foto: KUN.UZ

Oy davomida sovuq va issiq to‘lqinlar odatda 1-2 marta kuzatiladi, ya'ni 1 yoki 2ta kuchli sovuq va 1 yoki 2ta xuddi shunday issiqlik to‘lqinlari yuzaga kelishi mumkin. Havo sezilarli soviganda ko‘pincha minimal harorat 11-16 daraja sovuqni tashkil etadi.

Iliq yoki me'yoriy dekabr oyida harorat 0-5 daraja sovuq bo‘lishi mumkin. Issiq to‘lqinlar kuzatilganda havoning maksimal harorati 14-19 daraja iliqni, ayrim holatlarda esa 22-27 daraja issiqni tashkil etishi mumkin.

Butun meteorologik kuzatuvlar davrida Toshkentda eng sovuq dekabr oylarida tunda harorat 20-23 daraja sovuq bo‘lgan. 1930 yil dekabr oyida esa 27-29 daraja sovuqqacha tushgani qayd etilgan.

Oxirgi 10 yil ichida Toshkentda 2011, 2012 yillarda dekabr oyida eng past harorat 13 daraja sovuqni tashkil qilgan bo‘lsa, shu oydagi eng yuqori harorat (2012, 2013, 2016 yillarda) 23 daraja issiqqacha ko‘tarilgan.

Dastlabki baholarga ko‘ra, bu yilgi dekabr harorat ko‘rsatkichlari bo‘yicha o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlarga yaqin bo‘lishi kutilmoqda.

Oy davomida haroratning kechasi 0-5 daraja sovuqdan 2-7 daraja iliqqacha, kunduzi 0-5 daraja iliqdan 10-15 daraja iliqqacha o‘zgarib turishi kutilmoqda. Respublika shimolida tunda 8-10 daraja sovuq bo‘lishi mumkin. Oyning ikkinchi yarmida esa 12-15 daraja sovuq bo‘lishi mumkin.

Dekabrda yog‘ingarchilik yomg‘ir, qor ko‘rinishida bo‘ladi. O‘zbekiston bo‘yicha yog‘ingarchilik kunlar o‘rtacha 5 kundan 13 kungacha tashkil qilishi mumkin. Bir kecha kunduzda maksimal yog‘inlar miqdori sutkalik me'yordan ancha ko‘p bo‘lishi mumkin. Oxirgi 10 yil ichida namgarchilik ko‘p bo‘lgan dekabrlar 2013, 2016, 2019 yillarda qayd etilgan, Masalan, 2019 yil 22 dekabrda maksimal sutkalik yog‘inlar miqdori Toshkentda 34 mm.ni tashkil qilgan.

Bu yilgi dekabrda oylik yog‘inlar miqdori me'yor atrofida, ayrim joylarda me'yordan yuqori, shimolda esa ayrim joylarda me'yordan past bo‘lishi kutilmoqda (Toshkentda dekabr oyi uchun yog‘inlar 59 mm.ni tashkil qiladi). Yog‘ingarchilik oy davomida vaqti-vaqti bilan kuzatiladi.

Top