11:52 / 30.11.2020
2146
Qishloq infratuzilmasini rivojlantirishga 183 mln dollar ajratildi

Prezident tomonidan «Jahon bankining Xalqaro taraqqiyot uyushmasi va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki ishtirokida «Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish» loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror imzolandi. 

Foto: KUN.UZ

Loyihani amalga oshirish uchun Jahon bankining Xalqaro taraqqiyot uyushmasi tomonidan 100 mln AQSh dollari miqdorida hamda Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki tomonidan 82 mln AQSh dollari miqdorida kredit ajratildi. O‘zbekiston hukumati tomonidan 1,6 mln AQSh dollari ajratildi. 
 
Norma’ning yozishicha, loyiha Farg‘ona, Andijon, Namangan, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarining iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishdan nisbatan ortda qolayotgan 21ta tumanida amalga oshiriladi. Loyihani amalga oshirish muddati 5 yilni (2020–2024 yillar) tashkil etadi.
 
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi loyihani o‘z vaqtida amalga oshirish va muvofiqlashtirish, shuningdek uyushma va bank kreditlaridan maqsadli va samarali foydalanish bo‘yicha mas'ul ijro etuvchi organ hisoblanadi.
 
Xalqaro moliya institutlarining qarzlari va hukumat tashkilotlarining xalqaro qarzlari hisobidan amalga oshiriladigan loyihalar doirasida:

ushbu loyihalar xalqaro va xorijiy hukumat moliyaviy tashkilotlari tomonidan 2020 yil 1 iyulga qadar ma'qullangan bo‘lsa, yuridik shaxslar tomonidan sotib olinadigan tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishga doir aylanmaga QQS va aksiz solig‘i solinmaydi;

mazkur qarz mablag‘lari hisobidan yuridik shaxslar tomonidan bojxona hududiga olib kiriladigan tovarlar bojxona boji to‘lashdan ozod etiladi;

ushbu imtiyozlar natijasida iqtisod qilingan mablag‘lar O‘zbekistonning loyihani amalga oshirishdagi ulushi deb hisoblanadi.
 
Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:

«Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish» loyihasining asosiy texnik-iqtisodiy parametrlari;

Xalqaro taraqqiyot uyushmasi va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki kreditlarining asosiy qarzini, unga hisoblangan foizlarni va boshqa to‘lovlarni qaytarish prognoz jadvali;

uyushma va bank ishtirokida loyiha doirasida mablag‘lardan foydalanish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi».

Top