19:32 / 30.11.2020
5271
Toshkentdagi sayyor qabulda 60 nafar mahkum muddatidan avval ozod etildi

Toshkentda ommaviy sayyor qabullar davom etmoqda. 30 noyabr kuni o‘tkazilgan qabullar jarayonida 60 nafar mahkum muddatidan oldin shartli ravishda ozod qilindi.

Sud tomonidan tayinlangan jazo tartib-qoidalariga, cheklovlarga rioya qilgan, mehnatga halol munosabatda bo‘lgan, axloqan tuzalish yo‘liga o‘tgan bir qancha mahkumlar shartli ravishda ozod qilinmoqda, deydi jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudi sudyasi Durdona Dadaxonova.

«Ularga sud ajrimining keyingi huquqiy oqibatlari yuzasidan ham tushuntirish berib o‘tildi. Sudlanganlik holatini olib tashlash bo‘yicha arizalar berish masalasida ularga huquqiy maslahatlar berildi. Ozod etilgan fuqarolar shartli muddat davrida yana jinoyat sodir etilsa, uning ham oqibatlari tushuntirib o‘tildi», – dedi u.

Durdona Dadaxonovaning qayd etishicha, Jinoyat kodeksining 73-moddasida 4 toifa shaxslarga nisbatan shartli ravishda muddatidan avval ozod qilinmaslik belgilab qo‘yilgan. Bugun ozod etilganlar ana shu toifaga kirmaydigan, o‘z qilmishlaridan to‘g‘ri xulosa chiqargan shaxslar hisoblanadi.

Top