20:27 / 30.11.2020
2129
Yil davomida 170ta iste'molchi elektr energiyasini o‘g‘irlagani uchun tarmoqdan uzildi - inspeksiya

Noqonuniy foydalanish holatlari natijasida tizimga yetkazilgan zarar 76 677,3 MVt/soat elektr energiyasini tashkil etadi, deb ma'lum qildi Elektr energetikada nazorat inspeksiyasi rasmiysi.

Energetika vazirligi huzuridagi Elektr energetikada nazorat inspeksiyasi matbuot kotibi Navro‘z Norboboyev inspeksiya faoliyatiga oid ayrim raqamlarni keltirib o‘tdi.

Navro‘z Norboboyev

Uning so‘zlariga ko‘ra, inspeksiya Majburiy ijro byurosi va «Hududiy elektr tarmoqlari» korxonalari bilan hamkorlikda o‘tkazgan nazorat ishlarida, 212ta iste'molchi elektr energiyasidan foydalanishda qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygani aniqlangan. Ulardan 170tasi tarmoqdan uzilgan.

«O‘rganishlar jarayonida iste'molchilar tomonidan elektr energiyasidan foydalanishda qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yib, elektr energiyasini o‘g‘irlash holatlari aniqlandi hamda 170 ta iste'molchilarning elektr qurilmalari tarmoqdan ajratildi.

Mazkur qoidabuzarlik holatlari sabab yetkazilgan zarar hisob-kitob qilinganida, 76 677,3 MVt/soat elektr energiyasi yo‘qotilgani aniqlandi. Ayni paytda keltirilgan zararni qoplash yuzasidan barcha qonuniy choralar ko‘rilgan.

2020 yilning o‘tgan davrida mutaxassislarimiz tomonidan 6 837 ta yangi ishga tushiriladigan obektlarning elektr ta'minoti loyihalari ekspertizadan o‘tkazildi. Quvvati jami 945 MVtdan ortiq 4 160 nafar iste'molchining qurilmalari elektr tarmoqlariga ulanishida ko‘rikdan o‘tkazildi.

Shu bilan birga, yangi qurilgan va rekonstruksiya qilingan 149 ta obektni qabul qilish ishchi komissiyasida ishtirok etildi hamda 23 ta elektrotexnik laboratoriyalarning texnik holati o‘rganib chiqildi», – dedi Navro‘z Norboboyev 30 noyabr kungi brifingda.

Top