10:53 / 01.12.2020
2229
Noyabr oyida inflatsiya 1,5 foizni tashkil etdi

Davlat statistika qo‘mitasi 2020 yilning noyabr oyida O‘zbekiston iste'mol sektoridagi inflatsiya darajasi to‘g‘risida ma'lumot berdi.

Foto: Kun.uz

Qayd etilishicha, 2020 yilning noyabrida o‘rtacha iste'mol narxlari va tariflari darajasining oy davomidagi o‘sish sur'ati 1,5 foizni tashkil qildi.

2019 yilning noyabrida tovarlar va xizmatlar narxlarining oy davomidagi o‘rtacha ko‘tarilish darajasi 1,7 foizga teng bo‘lgan.

2020 yilning yanvar-noyabr oylarida iste'mol bozoridagi narxlar va tariflarning o‘sish darajasi 9,5 foiz bo‘lgan bo‘lsa, 2019 yilning yanvar-noyabr oylarida iste'mol bozoridagi narxlar va tariflarning o‘sish darajasi 13,3 foizni tashkil qilgan.

2020 yilning noyabr oyida yillik umumiy iste'mol narxlari indeksining o‘sish sur'ati 11,3 foizga teng bo‘ldi. 

2018 yilning noyabriga nisbatan 2019 yilning noyabrida tovarlar va xizmatlar narxlarining o‘sish sur'ati 15,6 foizni tashkil etdi. 

Joriy yilning noyabr oyida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘rtacha 2,4 foizga, nooziq-ovqat mahsulotlar 0,9 foizga va xizmatlar 0,9 foizga qimmatlashdi.

Oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining ko‘tarilishi hisobiga umumiy iste'mol narxlari indeksi ko‘rsatkichi 1,0 foiz darajaga o‘sib, umumiy o‘sish sur'atining 66,7 foizini tashkil etdi. 

Nooziq-ovqat mahsulotlar narxlarining ko‘tarilishi umumiy ko‘rsatkichning oy davomidagi o‘sishiga 0,3 foiz darajada ta'sir etdi (umumiy o‘sish sur'atidagi ulushi 20,0 foiz). 

Xizmatlar narxlari va tariflarining o‘sishi natijasida umumiy iste'mol narxlari indeksi qo‘shimcha ravishda 0,1 foiz darajaga oshdi (umumiy o‘sish sur'atidagi ulushi 13,0 foiz).

Top