13:03 / 01.12.2020
3826
Yevrokomissiya O‘zbekistonga «GSP+» preferensiyalar bosh tizimi benefitsiari maqomini berish to‘g‘risida muddatidan oldin qaror qabul qildi

Joriy yilning 30 noyabr kuni Yevropa komissiyasi O‘zbekiston tomonidan “GSP+” preferensiyalar bosh tizimi plyus benefitsiar - mamlakati maqomini olish uchun yuborilgan ariza bo‘yicha muddatidan oldin ijobiy qaror qabul qildi.

Foto: Reuters

Tegishli hujjat YeI komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayyen tomonidan imzolandi.

Qaror Yevropa komissiyasi monitoring guruhlarining O‘zbekiston inson huquqlarini himoya qilish, mehnat standartlariga rioya qilish, atrof-muhitni muhofaza qilish va samarali boshqaruv sohasidagi 27 xalqaro konvensiya talablarini bajarayotgani to‘g‘risidagi hisobotlari asosida qabul qilindi. O‘tkazilgan tahlillarga asoslanib, Yevropa komissiyasi respublika “GSP+”da ishtirok etish mezonlariga muvofiq kelishi to‘g‘risidagi xulosaga keldi va uni ushbu tizimning benefitsiarlari ro‘yxatiga kiritishni taklif qildi.

Belgilangan tartib-qoidalarga muvofiq, mazkur qaror endi ko‘rib chiqish va tasdiqlash uchun Yevropa kengashi va Yevropa parlamentiga havola etiladi. Qaror tasdiqlangandan so‘ng O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilari va eksportchilari o‘z mahsulotlarini Yevropa bozoriga eksport qilishda bir tomonlama tarif imtiyozlaridan foydalanishni boshlashlari mumkin bo‘ladi. Shunda, O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilari YeI mamlakatlariga eksport qilishlari mumkin bo‘lgan tovar pozitsiyalarining soni 6200gacha oshadi.

Mamlakat tomonidan “GSP+” benefitsiari maqomini olish eksportning barqaror o‘sishi va diversifikatsiyasi uchun mustahkam poydevor yaratadi. Bu Yevropa ittifoqi mamlakatlari bilan o‘zaro manfaatli savdo munosabatlarining tez sur'atlar bilan rivojlanishiga xizmat qiladi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda yakuniy qaror qabul qilinishini tezlashtirish maqsadida muhokamalarda qatnashish va savollarga tezda javob berish uchun YeIga a'zo mamlakatlar bilan hamkorlikda ish olib borish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda, deyiladi vazirlik xabarida

Top