11:23 / 02.12.2020
2056
Chilonzor tumanida oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar soni Toshkent shahar ko‘rsatkichidan qariyb ikki baravarga ko‘p 

Toshkent shahar Chilonzor tumanida huquqbuzarlik va jinoyatchilik holati masalalariga bag‘ishlangan muvofiqlashtiruvchi kengash yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev raisligida o‘tgan yig‘ilishda Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov, Milliy gvardiya qo‘mondoni Rustam Jo‘rayev, vazirlik va idoralarning mas'ul xodimlari, Toshkent shahar hokimligi, Chilonzor tumani sektor rahbarlari ishtirok etdi.

Kun tartibidagi masala yuzasidan Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Baxtiyor Bobojonovning hisoboti eshitildi.

Yig‘ilishda ayrim rahbarlar, mas'ullar beparvolik va loqaydlikka berilgani oqibatida so‘nggi vaqtlarda Toshkent shahrida yuzaga kelgan kriminogen vaziyat, hududda uyushgan jinoyatchilik holatlari tanqid ostiga olindi.

Ta'kidlandiki, Toshkent shahri bo‘yicha oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar soni boshqa viloyatlarga nisbatan eng ko‘p, ya'ni har 100 ming aholiga 138tadan to‘g‘ri kelgan bir vaqtda, Chilonzor tumanida bu ko‘rsatkich shahar ko‘rsatkichidan qariyb ikki baravarga ko‘p bo‘lib, 246tani tashkil etgan.

Shuningdek, pandemiya sababli joriy etilgan karantin munosabati bilan harakatlanish bir muncha cheklanib, nazorat tadbirlari kuchaytirilgan bir sharoitda, Chilonzor tumanida kriminogen vaziyatning bunday ayanchli holatga kelgani tuman mas'ullarining o‘z ishiga o‘ta loqayd va yuzaki munosabatda bo‘lganligidan dalolat berayotganligi qayd etildi.

Oqibatda, tumandagi vaziyat barqarorligi va aholi xotirjamligiga jiddiy salbiy ta'sir qiladigan mudhish jinoyatlar, jumladan, qasddan odam o‘ldirish, firibgarlik, o‘g‘rilik, bezorilik jinoyatlari hamda ayollar va ishlamaydiganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar keskin oshib, qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish, bosqinchilik, talonchilik hamda retsidiv va guruhlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar ko‘rsatkichi yuqoriligicha qolganligi aytib o‘tildi.

Yig‘ilishda huquqbuzarliklar tahlili, sodir etilgan jinoyatlarning ijtimoiy xavflilik darajasi va ko‘rsatkichlari, ochilmagan jinoyatlar, qidiruvdagi shaxslar, ularning sabablari va sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlar tumandagi har bir hudud, shuningdek, ayollar, voyaga yetmaganlar, yoshlar va boshqa toifadagi fuqarolar kesimida tanqidiy ko‘rib chiqildi va atroflicha muhokama qilindi.

Tadbir yakunida sohada yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar yuzasidan mas'ullarning tushuntirish va izohlari tinglandi.

Raislik qiluvchi tomonidan tuman hududidagi toifalangan obektlar, katta bozorlar va aholi gavjum bo‘ladigan joylarda jamoat tartibi nazorat qilinishiga zamonaviy usul va vositalarni keng tatbiq etish choralari ko‘rilishi, jamoat tartibi saqlanishini ta'minlash va qidiruvdagi shaxslarni tezkor aniqlash maqsadida intellektual kameralar, dronlar, “SOS” tugmachasi va boshqa texnik vositalar bilan ta'minlash choralari ko‘rilishi yuzasidan taklif va tavsiyalar berildi.

Top