08:40 / 02.12.2020
7149

Davlat xizmatchilarining huquqiy savodxonligini tekshirish rejalashtirilmoqda

Adliya vazirligi tomonidan QHTBT portalida Vazirlar Mahkamasining “Davlat xizmatchilarining huquqiy savodxonligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qarori loyihasi joylashtirildi.

Foto: Pinterest

Hujjat prezidentning davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlarini ijro etish doirasida ishlab chiqilgan (2020 yil 19 maydagi PF–5997-son farmon).
 
Norma’ning yozishicha, loyiha bilan davlat boshqaruvi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari davlat xizmatchilarining huquqiy savodxonligini oshirish bo‘yicha o‘qitish ishlarini tashkil etishi taklif etilmoqda.
 
Hujjatda Davlat xizmatchilarining huquqiy savodxonligi darajasini baholash tartibi to‘g‘risidagi nizom keltirilgan. U huquqni muhofaza qiluvchi organlarning oliy yuridik ma'lumotli xodimlari, davlat tashkilotlarining yuridik xizmatlari xodimlari, harbiy xizmatchilarga nisbatan tatbiq etiladi.
 
Davlat xizmatchilari huquqiy savodxonlik darajasi bo‘yicha har 3 yilda bir marta rejali baholashdan o‘tishi rejalashtirilmoqda.
 
Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi davlat xizmatchilari huquqiy savodxonligini baholashning avtomatlashtirilgan tizimidan foydalanish, onlayn test sinovi savollari bazasini yuritish va uni boshqarishning tashkiliy tadbirlarini amalga oshirish bo‘yicha vakolatli operator hisoblanadi.
 
Test savollari davlat tili va zarurat bo‘lgan hollarda qoraqalpoq tilida tuziladi.
 
Adliya vazirligiga baholash natijalari bo‘yicha ko‘rsatkichlar hududlar hamda davlat tashkilotlari kesimida tahlil qilish, eng yuqori ko‘rsatkichga ega bo‘lgan davlat tashkilotlari va hududlarning ijobiy tajribalarini o‘rganish, eng past ko‘rsatkich qayd etgan davlat tashkilotlari va hududlarning muammolari hamda sabablarini tahlil qilishni yuklash rejalashtirilmoqda.
 
Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimchalar kiritilishi yoki rad etilishi mumkin. 

Top