16:00 / 02.12.2020
14449
Jizzaxda 168 o‘rinli maktab qurilishi uchun tendersiz shartnoma tuzildi. Loyihaga 65 milliard so‘m ajratilgan

Jizzax viloyati hokimligi yagona buyurtmachi xizmati «Injiniring kompaniyasi» Jizzax shahrida prezident maktabi qurilishi uchun «Diamond» ko‘p tarmoqli xususiy firmasi bilan tendersiz shartnoma imzolagan. Qurilish loyihasining yakuniy qiymati 65 milliard 580 million so‘mni tashkil etdi.

Illyustrativ foto /KUN.UZ

Davlat xaridlari portaliga joylashtirilgan kelishuv bitimiga ko‘ra, buyurtmachi va pudratchi kompaniya o‘rtasida shu yilning 24 mart kuni tuzilgan 56 milliard so‘mlik shartnomaga Jizzax viloyati hokimining tegishli farmoyishi bilan qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritilgan.

«Mazkur obekt bo‘yicha O‘zbekiston bosh vazirining 2020 yil 10 fevraldagi 4-sonli yig‘ilish bayoniga asosan «Diamond» ko‘p tarmoqli xususiy firmasi bosh pudratchi etib belgilangan», — deya ma'lumot berilgan 25 noyabr kuni tasdiqlangan kelishuv bitimida.

Ta'kidlanishicha, 168 o‘rinli maktab qurilishi uchun Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan 20 milliard so‘m ajratiladi. Shuningdek, mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan 17 milliard 940 million so‘m, qolgan pullar esa davlat budjetidan qoplanishi nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, «Diamond» Jizzax viloyati hokimligining katta zali, oshxona va mehmonxona majmuasini mukammal ta'mirlash va jihozlash bilan shug‘ullanadi. Viloyat hokimining 25 noyabrdagi 30-sonli qarori bilan tasdiqlangan tender komissiyasi qarori bilan qariyb 31 milliard so‘mlik ish «Diamond» ko‘p tarmoqli xususiy firmasiga nasib etgan.

Kompaniya ushbu obektni 2020 yilning 25 dekabrigacha topshirishi shart. Ta'mirlash va jihozlash ishlarining grafigiga muvofiq, «Diamond» 7,2 milliard so‘mlik mebel va jihozlar, bundan tashqari 7,3 milliard so‘mlik isitish va ventilyatsiya tizimini yetkazib beradi.

Ochiq ma'lumotlar bazasiga ko‘ra, «Diamond» ko‘p tarmoqli xususiy firmasining ustav kapitalidagi barcha ulush Odiljon Qodirovga tegishli. Kompaniya rahbari esa Olimjon Qodirov hisoblanadi.

Avvalroq, Toshkent shahar hokimligining «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi yirik qurilishlar uchun pudratchilar bilan tenderlarsiz shartnomalar tuzgani haqida xabar berilgandi. 

Ma'lumot uchun, «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi Qonunning 59-moddasiga ko‘ra, tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) qiymati bir shartnoma bo‘yicha BHM (bazaviy hisoblash miqdori)ning yigirma besh ming baravari – 5 mlrd 575 mln so‘mdan ortiq miqdorni tashkil etganda, davlat xaridi tender o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Top