14:26 / 02.12.2020
5319

Qo‘qonda milliy hunarmandchilik va turizm markazi barpo etilmoqda

Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida amalga oshirilayotgan qurilish va bunyodkorlik ishlari bilan tanishtirish maqsadida uyushtirilgan press-tur davomida jurnalist va blogerlar barpo etilayotgan obektlarga olib borildi.

Press-tur ishtirokchilari dastlab, shaharning Bog‘iston ko‘chasi hududida bunyod etilayotgan Milliy hunarmandchilik va turizm markazining qurilish jarayonlari bilan tanishdi.

Markaz qurilishiga mas'ul bo‘lgan quruvchi Anvarjon Ehsonovning ma'lum qilishicha, majmuaning umumiy maydoni 17 gektarni tashkil qiladi. Bu yerda savdo, xizmat ko‘rsatish, hamda 34ta hunarmandlar rastasi barpo etilmoqda. Shuningdek, bu yerda turizmni rivojlantirish maqsadida O‘rda majmuasi, 80 o‘rinli mehmonxona, hunarmandlar saroyi, 4 gektar yer maydonida esa bolalar uchun yozgi oromgoh quriladi.

Majmuaning bosh rejasida hududda hunarmandlar uchun uy-joy qurish ham ko‘zda tutilgan. Majmua 2021 yilning avgust-sentyabr oylarida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilmoqda.

Qo‘qon shahrining Shohruxobod ko‘chasida chin yetimlar, ijtimoiy muhofazaga muhtoj oilalar uchun qurilayotgan ko‘p qavatli uy-joylarning qurilish obekti media tur ishtirokchilarining navbatdagi manzili bo‘ldi.

Har biri 40 xo‘jalikka moslashgan 2ta ko‘p qavatli mazkur uylar 5 qavatdan iborat bo‘ladi. Quruvchilarning ma'lum qilishicha, uy-joy saxovatpesha qo‘qonliklarning homiylik va xayriya mablag‘lari hisobiga barpo etilmoqda. Qurilish ishlari yakunlangach, uy-joylar birinchi navbatda shahardagi mehribonlik uyida tarbiyalanib chiqqan chin yetimlarga bepul beriladi.

Jurnalist va blogerlar Qo‘qon shahrida faoliyat olib borayotgan «Zumrud» tekstil korxonasi faoliyati bilan ham tanishishdi.

Press-tur yakunida Qo‘qon shahri hokimligida shahar hokimi Ma'rufjon Usmonov ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi.

Unda jurnalist va blogerlar shahardagi obodonlashtirish, qurilish-bunyodkorlik, sog‘liqni saqlash, ta'lim, tadbirkorlik faoliyati, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonlari bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi.

Fayzullo Sultonov, Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid
Top