17:38 / 02.12.2020
19504

Toshkent viloyatida uy qamog‘idagi shaxsning ziyofatida qatnashgan sudyalardan biri keyinroq uni ozodlikka chiqargani ma'lum bo‘ldi. Sudyalar jarimaga tortilgan

Angrenning Ma'muriy va jinoyat sudlari raislari 669 ming so‘mdan ma'muriy jarimaga tortilgani ma'lum bo‘ldi

Oliy sud matbuot xizmati Toshkent viloyatida ozodlikni cheklash jazosini o‘tayotgan shaxsning ziyofatida qatnashgan sudya ko‘p o‘tmay uni ozodlikka chiqargani haqidagi xabar yuzasidan ma'lumot berdi. Ma'lum qilinishicha, «Sudyalarning odob-axloq kodeksi» talablarini buzgan Jinoyat ishlari bo‘yicha Angren shahar sudining raisi va Angren shahar ma'muriy sudining raisiga nisbatan jazo qo‘llangan. 

«Jinoyat ishlari bo‘yicha Angren shahar sudi raisi T.H. va Angren shahar ma'muriy sudining raisi E.P. 2020 yil 25 may kuni soat taxminan 19:30larda kechki ovqatlanishga taom olib ketish uchun Angren shahrida joylashgan «Zamin» kafesiga borishib, buyurtma berilgan ovqatni tayyor bo‘lishini kutib turishgan vaqtda oldilariga notanish yigit kelib, tug‘ilgan kuni ekanligini aytib, ziyofat o‘tkazilayotgan xonaga taklif qilgan va ular tadbirga kirib o‘tirishgan.

O‘tkazilgan xizmat tekshiruvi jarayonida sudyalarni ziyofatga taklif qilgan shaxs jinoyat ishlari bo‘yicha Olmaliq shahar sudining 2019 yil 8 apreldagi hukmiga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 25,169-moddasi 4-qismi «a», «v» bandlari bilan ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilingan D.N. ekanligi, bu ziyofat uning tug‘ilgan kun tadbiri ekanligi ma'lum bo‘lgan.

Ular bu harakatlari bilan «Sudyalarning odob-axloq kodeksi» qoidalari hamda karantin davrida majburiy qoidalar talablarini buzishgan.

Sudyalar oliy kengashining 2020 yil 17 iyundagi xulosasiga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha Angren shahar sudining raisi T.H. va Angren shahar ma'muriy sudining raisi E.P.ni ma'muriy javobgarlikka tortishga ruxsat berilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudlari sudyalari malaka hay'atining 2020 yil 17 iyuldagi qaroriga muvofiq, T.H. va E.P.ni MJtKning 54-moddasi 1-qismi bilan ma'muriy javobgarlikka tortishga rozilik berilgan.

T.H. va E.P. MJtKning 54-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganliklari uchun, ularning har biriga bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari - 669 000 so‘m miqdorida jarima jazosi qo‘llanilgan», deb xabar bermoqda Oliy sud matbuot xizmati.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Oliy sudida 30 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan konferensiyada Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori o‘rinbosari Umida To‘xtasheva sudyalarning jinoiy unsurlar bilan kirishib ketish holatlari uchrab turgani, agentlik tizimda manfaatlar to‘qnashuvi holatlari mavjudligini aniqlagani haqida ma'lumot bergandi.

«Masalan, 2020 yil may oyida Toshkent viloyati shaharlaridan birining sudyalari L.N va R.O. karantin qoidalarini qo‘pol ravishda buzgan holda, jinoiy unsurlar vakili, bir necha marta sudlangan D.N.ning tug‘ilgan kunini nishonlash uchun kafeda 100 nafardan ortiq shaxs ishtirokida tashkil etilgan ziyofatga borgan. E'tiborlisi – sudyalar D.N.ning o‘sha vaqtda navbatdagi jinoyati uchun ozodlikni cheklash jazosini o‘tayotganligidan xabardor bo‘lgan. Achinarlisi, mazkur sudya mahkum D.N.ga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini ko‘rib chiqib, uni ozodlikka chiqargan», deya Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori o‘rinbosarining so‘zlarini keltirgandi Daryo nashri.

Daryo nashrida 2 dekabr kuni Oliy sud matbuot xizmati rahbari Aziz Obidovga asoslab berilgan xabarga ko‘ra, Toshkent viloyatida ozodlikni cheklash jazosini o‘tayotgan shaxsning ziyofatida qatnashgan sudyalar jarimaga tortilgan va lavozimi pasaytirilgan.

Top