08:51 / 03.12.2020
14008

2021 yilda sayohatlar uchun eng xavfli va eng xavfsiz mamlakatlar ma'lum qilindi  

Foto: yandex.ru

International SOS xalqaro ekspertlari 2021 yilda sayohatlar uchun eng xavfsiz va eng xavfli davlatlar interaktiv xaritasini tuzdi. Mutaxassislar o‘zlari bajargan ish 2021 yilda odamlarga sayohat qilishni rejalashtirishda asqotishiga umid bildirishgan, deb xabar bermoqda Daily Mail nashri. 

Har yil tuziluvchi ushbu xarita sayyohlar qaysi davlatda siyosiy zo‘ravonliklar, ijtimoiy g‘alayonlar, zo‘ravonlik va jinoyatchilik xavfi hamda joriy yilda dolzarb bo‘lgan pandemiya ta'siriga duch kelishlari mumkinligini ko‘rsatadi.

Xaritaga ko‘ra, 2021 yilda tashriflar uchun eng xavfli davlatlar Liviya, Suriya, Afg‘oniston, Iroq va  Markaziy Afrika Respublikasi hisoblanadi. Eng xavfsiz joylar sifatida Grenlandiya, Shveytsariya, Sloveniya, Norvegiya, Finlyandiya, Daniya, shuningdek, Kabo-Verde, Angilya, Terks va Kaykos kabi orol davlatlar e'tirof etilgan.

Ta'kidlab o‘tish joiz, O‘zbekiston ushbu xaritada xavf darajasi past bo‘lgan davlatlar qatoridan joy olgan.

International SOS, shuningdek, koronavirus xavfi darajasi bo‘yicha xaritani ham tayyorlagan.

Unga ko‘ra, koronavirus ta'sirini eng kam his qilgan davlatlar Yangi Zelandiya, Tanzaniya va Nikaragua hisoblanadi.

Bu borada faqat bir davlat - Gruziya pandemiyaning ta'sirini juda kuchli his qilgan davlat sifatida belgilangan. O‘zbekiston koronavirus xavfi past darajadagi davlatlar qatoriga kiritilgan.

Bunda sog‘lik va xavfsizlikka xavf soluvchi asosiy omillar, koronavirus bilan bog‘liq faollik, safarlarga kiritilgan mahalliy cheklovlar va koronavirus oqibatlarini yumshatish bo‘yicha choralar samaradorligi e'tiborga olingan.

Mutaxassislar tomonidan yana bir xarita tuzilgan bo‘lib, u 2021 yilda dunyo davlatlarida tibbiy muammolar yoki kasalliklar vujudga kelishi ehtimoliy xavfini ko‘rsatadi.

Ushbu xaritaga ko‘ra, salomatlik bilan muammolarga duch kelish xavfi yuqori bo‘lgan davlatlarga Shimoliy Koreya, Liviya, Janubiy Sudan va Yaman kiradi. Bu borada Yevropaning aksariyat davlatlari, Kanada, AQSh, Yangi Zelandiya, Avstraliya, Janubiy Koreya va Yaponiya eng xavfsiz davlatlar deb topilgan.   

O‘zbekiston esa o‘rtacha xavfga ega davlat sifatida e'tirof etilgan.

Top