22:39 / 03.12.2020
2603

BMT Bosh assambleyasida koronavirus qurbonlari xotirasi yod etildi

BMT Bosh assambleyasining Qo‘shilmaslik harakatining amaldagi raisi, Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan maxsus sessiyasi koronavirus qurbonlari xotirasiga bir daqiqalik sukut saqlash bilan boshlandi.  

“Men vakillardan o‘rinlaridan turib, koronavirus pandemiyasining barcha qurbonlari, jumladan, BMT xodimlarini bir daqiqalik sukut bilan xotirlashni iltimos qilaman”, deb aytgan Bosh assambleyaning amaldagi raisi Vulqon Bozkir sessiya ochilishida.

U o‘zining nutqida pandemiyani “aql bovar qilmas baxsizlik” deb atagan. “Barchamiz pandemiya yakunlanib, hech qanday qo‘rquvlarsiz ko‘kragimizni to‘ldirib toza havo oladigan, hamkasblarimiz va oila a'zolarimiz qo‘llarini siqa oladigan kun haqida orzu qilmoqdamiz. Pandemiyaning bir necha oyidan keyin umidsizlikni his qilayotgan bo‘lishingiz mumkin, biroq tushkunlikka berilmang – biz siz uchun, qochqinlar uchun, og‘ir turmush sharoitiga ega odamlar uchun, maktabga qaytishni istayotgan bolalar uchun, infeksiyaga qarshi kurashning old saflarida tinimsiz mehnat qilayotgan tibbiy xodimlar uchun ishni davom ettirmoqdamiz – BMT siz uchun ishlamoqda, biz siz uchun birdammiz”, — deb ta'kidlab o‘tgan Bozkir.

Ilhom Aliyev Qo‘shilmaslik harakatining 4 may kunidagi onlayn-sammitida pandemiyaga qarshi kurash doirasida BMT Bosh assambleyasining davlatlar rahbarlari darajasida videoanjuman shaklida maxsus sessiyasini o‘tkazish taklifini bildirgandi. O‘shanda ushbu taklif Qo‘shilmaslik harakatiga a'zo barcha 120 ta davlat tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlangan.  

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, dunyoda koronavirusdan zararlanganlar soni 65 milliondan oshib ketdi, infeksiya qurbonlari soni esa 1,505 milliondan ko‘proqni tashkil qilmoqda. Shu bilan birga, 45 milliondan ko‘proq kishi infeksiyadan sog‘ayib ketgan. 

Top