10:52 / 03.12.2020
16110

Jondor tumani hokimi o‘zgardi

Xalq deputatlari Jondor tuman kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Buxoro viloyati hokimligi xabar bermoqda.

Sessiyada so‘z olgan viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Botir Zaripov prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 24 noyabr kuni o‘tgan navbatdagi videoselektor yig‘ilishida ish o‘rinlari tashkil etish, tadbirkorlar muammolarini hal qilish va ularni qo‘llab-quvvatlash borasida o‘zibo‘larchilikka yo‘l qo‘yganligi uchun Jondor tuman hokimini lavozimidan ozod etish masalasi qo‘yilganligini aytib o‘tdi. 

“Bunga yetarli asoslar bor, albatta. Masalan, oktyabr oyi reyting natijalari tahlili bo‘yicha tumandagi sektor rahbarlari tomonidan aksariyat ko‘rsatkichlarga yetarli e'tibor qaratilmaganligi sababli 13 ta tuman va shaharlar orasida Jondor tumani 12-o‘rinni qayd etgan. 

Yangi O‘zbekiston sharoitida davlat siyosatining mazmuni, maqsadi juda oddiy: Ya'ni mehnat qilsang, rohat ko‘rasan. Davlatimiz va hukumatimiz shu mehnatga, emin-erkin ishlashga sharoit yaratib beryapti. Shu maqsadda qarorlar qabul qilinyapti, yo‘nalishlar belgilab berilyapti. Lekin mahalliy hokimliklar, soha va tarmoqlarning hududiy rahbarlari ta'bir joiz bo‘lsa, “qotib qolgan”. Jumladan, Jondorda ham. 

Yaratilgan imkoniyatlarga qaramasdan, Jondor tumanida ham mavjud infratuzilmadan yetarli darajada foydalanilmagan, hududni rivojlantirish borasidagi ishlar talab darajasida tashkil etilmagan, xizmat ko‘rsatish sohasida rivojlangan tuman yoki shaharlar darajasidan kam bo‘lmagan salohiyatga ega bo‘lsa-da, bugungi kunga kelib tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar yetarli darajada emas hamda o‘z yechimini topmagan ko‘plab muammolar mavjud”, — dedi viloyat rahbari.

Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. Viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari San'atillo Hikmatov Jondor tumani hokimi etib tasdiqlandi.

Bundan oldin, Buxoro tumaniga yangi hokim tasdiqlangani xabar berilgandi.

Mavzuga oid
Top