17:26 / 03.12.2020
1555
«Nogironligi bo‘lgan insonlar ta'limda ham, kasbda ham teng imkoniyatga ega bo‘lishi kerak» - o‘zbekistonlik faollar

Bugun, 3 dekabr – Nogironligi bo‘lgan insonlar xalqaro kuni. Bu sanada jahon miqyosida nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini ta'minlashga oid dolzarb masalalar ko‘tariladi.

O‘zbekistonda ham ushbu toifa insonlarga ko‘mak berishni targ‘ib etuvchi va buni o‘zlari bevosita amalda ham ko‘rsatuvchi faollar talaygina. YUNISEF ularning qarashlari, tashvishlari va orzulari haqida hikoya qiladi.

Nodira Tillayeva – “Inklyuziv” nodavlat tashkilotining direktori. Uni o‘ziga va atrofidagi mehribon odamlarga bo‘lgan ishonch olg‘a boshlaydi. Uning asosiy g‘oyasi aniq:

“Nogironligi bo‘lgan insonlar ta'lim va kasbiy faoliyatda muvaffaqiyatga erishish uchun teng imkoniyatlarga ega bo‘lishlari kerak”.

Nogironligi bo‘lgan insonlar ta'limdan chetda qolib, ma'lumotga ega bo‘lmasligi Nodirani tashvishga soladi. Ularning ko‘pchiligi o‘rta maktabning faqatgina 4-sinf ma'lumotiga ega.

Nodira o‘z jamoasi bilan birgalikda nogironligi bo‘lan insonlar uchun maxsus qo‘shimcha darslar va kurslar yaratish ustida ishlamoqda. Bu bilan ularga jamiyatning munosib a'zolari bo‘lishga va to‘laqonli hayot kechirishlariga yordam berish mumkin, deb ishonadi Nodira.

Alim Gaynazarov yaqinda amalga oshirgan g‘oyasi bilan ko‘pchilikning olqishiga sazovor bo‘ldi – u COVID-19 pandemiyasi davridagi izolyatsiya vaqtida nogironligi bo‘lgan insonlar uchun gumanitar yordamni tashkil qildi.

Qarindoshlarining virusni yuqtirish ehtimoli borligidan qo‘rqishlariga qaramay, u mahalliy hokimiyat ruxsati bilan mustaqil ravishda ularning uylariga o‘zi gumanitar yordam yetkazib bera boshladi.

Alim bolaligidan sportni yaxshi ko‘radi. Bo‘sh vaqtida sport zalida mashq qiladi. U turli shaharlarni va mamlakatlarni ko‘rishni orzu qiladi. Alim taslim bo‘lmaydigan inson. “Yutuqqa erishgach, hech qachon to‘xtamang!” shioriga amal qiladi.

Go‘zal Shodiyeva imo-ishora tilini faol ravishda targ‘ib qilmoqda. Pandemiya paytida u o‘qituvchilar uchun onlayn ravishda darslar o‘tkazdi.

“Maktab-internatlardagi o‘qituvchilar bunday ko‘nikmalarga ega bo‘lishlari, hech bo‘lmaganda artikulyatsiya muhim bo‘lgan fanlar bo‘yicha darslarda ushbu ko‘nikmalarni ishlata bilishlari muhimdir”, – deydi u.

Go‘zal nogironlarning ta'lim olish huquqini ilgari suradi. “Ko‘zi ojiz va eshitmaydigan yoshlar kelajakda kasb-hunar egallab, ish joyiga ega bo‘lishlari uchun bunday yoshlar bilim olishlari muhim”, – deydi u.

Mutaxassis O‘zbekiston karlar jamiyati markaziy kengashi prezidiumi raisi sifatida nogironlar hayotini yaxshi tomonga o‘zgartirish borasida faoliyat olib bormoqda.

Top