08:07 / 03.12.2020
1421
O‘zbekistonda onkologik xizmatni rivojlantirishga qaratilgan xayriya jamoat fondi tashkil etildi

Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida Sog‘liqni saqlash vazirligining ko‘magida "Ishonch" xayriya jamoat fondi tashkil etildi. 

Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabariga ko‘ra, uning maqsadi onkologik kasalliklarga chalingan odamlarga, ularning oilalariga, shuningdek, tibbiyot muassasalariga, saraton kasalligiga chalinganlarga tibbiy yordam ko‘rsatadigan shifokorlarning faoliyati hamda ularning ilmiy tadqiqotlarini qo‘llab-quvvatlashdir.

Fond Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 24 oktyabrda qabul qilingan "Onkologik xizmatni yanada rivojlantirish va onkologik kasalliklarning kechki bosqichlarini boshidan o‘tkazayotgan bemorlarga tibbiy-psixologik yordam ko‘rsatishni takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq tashkil etildi.
 
Shuningdek, fondning maqsadlari:

  • dori vositalari, tibbiy buyumlar, tibbiy asbob-uskunalar, tadqiqotlar, muolajalar, shuningdek protezlar, nogironlar aravachalari va boshqa reabilitatsiya vositalari bilan ta'minlashni;
  • saraton kasalligi bilan og‘riyotgan bemorlarni bepul parvarish qilish, qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy va mehnat reabilitatsiyasini;
  • psixologik huquqiy va axboriy maslahat berishni tashkil etish.

— O‘zbekistonda ko‘plab xayriya tashkilotlari mavjud, ularning orasida saraton kasalligiga chalingan bemorlarga individual yordam ko‘rsatayotganlari ham kam emas, — deydi markaz bosh shifokori o‘rinbosari, "Ishonch" fondi ijrochi direktori Dilnoza A'zamxo‘jayeva. — Bizning maqsadimiz — bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatishdan tashqari, onkologik soha rivojiga, sog‘ayish ko‘rsatkichini yanada oshirishga hissa qo‘shishdir. Shuningdek, ayollar va bolalardan farqli o‘laroq, erkaklar bunday xayriya yordamlarini har doim ham olavermaydilar. Ko‘p hollarda erkaklar og‘ir kasallik bilan yakkama-yakka qolishga majbur bo‘ladi. Statistika va amaliyot shuni ko‘rsatadiki, o‘rta va katta yoshdagi erkak uchun xayriya yordamini olish ancha qiyinroq kechadi. Shuning uchun ham, "Ishonch" fondi faoliyatining dastlabki davri uchun ustuvor yo‘nalish etib erkaklar salomatligini yaxshilashni tanladik. Keyinchalik esa boshqa guruh bemorlarni ham qamrab olish, onkologiya sohasida olib boriladigan tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlashni niyat qilganmiz.

Ma'lumot uchun, 2019 yilda respublika onkologik xastaliklar bilan 24 648 ta yangi kasallanish holatlari aniqlangan (ular orasida erkaklar 10 511 nafarni va ayollar 14 137 nafarni tashkil etdi). Ayni paytda umumiy kasallanish strukturasida yuqori o‘rinni ko‘krak bezi, me'da va bachadon bo‘yni saratoni saqlab qolmoqda. 2019 yilda erkaklar orasida umumiy kasallanish strukturasida yetakchi o‘rinlarni me'da, bronxlar va o‘pka, shuningdek, bosh miyadagi zararli o‘smalar bilan kasallanish egallamoqda. 

Top