21:34 / 03.12.2020
24258
Surxondaryo viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi

Fayzulla Bo‘riyevich Mamanov Surxondaryo viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari - viloyat iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. Bu haqda 3 dekabr kuni Surxondaryo viloyati hokimligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ma'lum qilindi. 

Fayzulla Mamanov 1977 yilning 21 oktyabrida Qiziriq tumanida tug‘ilgan. 1999 yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish muhandislari instituti, 2004 yilda Toshkent moliya instituti, 2010 yilda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasini tamomlagan. Mutaxassisligi – muhandis, iqtisodchi.

U 2000-2005 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Dehqon va fermer xo‘jaliklari uyushmasi, 2005-2008 yillarda O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi ijroiya qo‘mitasi apparati, 2008-2010 yillarda O‘zbekiston Fermer xo‘jaliklari uyushmasi, 2010-2013 yillarda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, 2013-2019 yillarda Savdo-sanoat palatasining Toshkent viloyati hududiy boshqarmasida mas'ul lavozimlarda ishlagan.

Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 2019 yilning yanvaridan beri Toshkent viloyati, Toshkent tumani hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari - Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi boshlig‘i sifatida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yilning may oyidan Surxondaryo viloyati hokimining moliya-iqtisod va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari vazifasida ishlagan Rustam Pardayev 2020 yilning noyabr oyida Denov tumani hokimi etib tayinlangandi.

Bugun kun davomida Jarqo‘rg‘on tumani hokimi lavozimida faoliyat yuritib kelgan Ziyodulla Davlatov Sherobod tumani hokimi etib tasdiqlangani, Jarqo‘rg‘onda uning o‘rnini Qurilish vaziri o‘rinbosari Bahodir O‘roqov egallagani xabar qilingandi.

 
Top