17:00 / 04.12.2020
29741
AQShda 27 yil avval muzlatib qo‘yilgan embriondan chaqaloq dunyoga keldi

AQShning Tennessi shtatida g‘ayrioddiy chaqaloq dunyoga keldi. Molli Gibson shu yilning oktyabrida tug‘ilgan, ammo uning tug‘ilishi uchun 27 yil vaqt kerak bo‘ldi. Uning embrioni 1992 yil oktyabrida muzlatilgan va 2020 yil fevraligacha, Tina va Benjamin Gibson uning ota-onasi bo‘lishga qaror qilgunicha saqlagichda qolgan.

COURTESY NATIONAL EMBRYO DONATION CENTER

Bu rekord muddatda tug‘ilgan chaqaloq. Avvalgi rekord Mollining opasi Emmaga tegishli edi – u 24 yillik embriondan tug‘ilgan.

«Boshimiz ko‘kka yetdi. Quvonchim ichimga sig‘mayapti. Besh yil burun bir emas, ikki qizlik bo‘lasan, deyishsa, tentakmisan, degan bo‘lardim», deya Gibson xonimning so‘zlarini keltirmoqda BBC.

Gibsonlar oilasi besh yil mobaynida farzandsizlik bilan kurashishdi. Tinaning ota-onasi mahalliy stansiyada embrion holatida bolani asrab olish haqidagi e'lonni ko‘rib qolishgach, vaziyat tubdan o‘zgarib ketdi.

«Bizning hikoyamiz ommaga ma'lum bo‘lishiga yagona sabab shu. Agar ota-onam o‘sha e'lonni ko‘rib qolishmaganida, biz bu yerda turmagan bo‘lardik. Buni barcha bilishini istardim», deydi 29 yoshli Tina.

Tina Gibson katta qizi Emmaga kitob o‘qib bermoqda
COURTESY NATIONAL EMBRYO DONATION CENTER

Boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Tina va kiber-xavfsizlik tahlilchisi bo‘lgan turmush o‘rtog‘i Noksvildagi Ben Embrion xayriya qilish notijoriy milliy markazi (National Embryo Donation Center (NEDC)ga murojaat qilishgandi. Markaz homilasidan voz kechib, uni xayriya qilishni istagan ota-onalarning embrionlarini saqlab beradi.

Oilaning birinchi farzandi Emma 2017 yil dekabrida xuddi shu yo‘l bilan dunyoga kelgandi. Juftlik Benjamin kasallik tufayli bepusht bo‘lgani sababli bu jarayonni o‘tkazishga qaror qilgan. 

NEDC marketing bo‘yicha direktori Mark Mellingerning so‘zlariga ko‘ra, embrion asrab olishga rozi oilalar orasida farzandsizlik keng tarqalgan. «Ishonch bilan ayta olamanki, 95 foiz oilalarda farzandsizlik muammosi bor. Bu ishni qilayotganimizdan va bunday oilalarga nafimiz tegayotganidan faxrlanamiz», deydi Mark.

«Ilk embrionni asrab olib, 2017 yil Emmani dunyoga keltirgach, farzand so‘rab bedor o‘tkazgan tunlarimiz, farzand qarab o‘tadigan bedor tunlarga almashdi. Bu charchoqlarning eng yaxshisi men sizlarga aytsam», deydi endi ikki farzandning onasi bo‘lgan Tina Gibson.

17 yil avval tashkil topgan NEDC mingdan ortiq embrionlar asrab olinishi va tug‘ilishiga sababchi bo‘ldi. Hozir yiliga 200tagacha transfer amalga oshiriladi. An'anaviy bola asrab olish jarayoni kabi, embrion asrab olmoqchi bo‘lgan ota-onalar «yopiq» holatda yoki donor oila bilan bog‘lanib, embrionni «ochiq» holatda qabul qilib olishlari mumkin.

Qiziq tomoni shundaki, Gibsonlarning qizlari Molli va Emma genetik opa-singillar. Undanam qiziq tomoni – har ikki embrionlar 1992 yili birgalikda muzlatilgan. Ular muzlatilganda Tina Gibson bir yashar qiz edi...

Top