22:27 / 04.12.2020
7781

Avtomobilga sirena va «migalka» o‘rnatishga ruxsat berilmagan. Internetda feyk xabar tarqaldi

Pul to‘lab, avtomobilga sirena va «migalka» o‘rnatishga 1 yanvardan boshlab ruxsat berilishi haqida asossiz xabarlar tarqalmoqda. IIV YHXBB internetdagi norasmiy manbalarda tarqalgan ma'lumot feyk ekanini ma'lum qildi.

Feyk xabarda Vazirlar Mahkamasining 30 noyabr kuni imzolangan qarori noto‘g‘ri talqin qilingan. Qarorda sirena va «migalka» o‘rnatish transport vositasini qayta jihozlash deb hisoblanishi belgilangan.

Ma'lumot uchun, «Yo‘l harakati qoidalari»ning 3-ilovasi 7.21-bandiga ko‘ra, transport vositalari o‘zboshimchalik bilan yalt-yalt etuvchi chiroq-mayoqcha va (yoki) maxsus tovushli ishoralar bilan jihozlangan bo‘lsa, yoxud transport vositasining tashqi yuzasida belgilangan talablarga mos kelmaydigan maxsus rangli grafik chizmalar, yozuvlar va belgilar bo‘lsa, bunday transport vositalaridan foydalanish taqiqlanadi.

Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 127-moddasi 2-qismiga ko‘ra, tegishli ruxsat olmay turib transport vositalariga tovush chiqaruvchi va yorituvchi maxsus qurilmalarni o‘rnatish – ana shu qurilmalarni musodara qilib, fuqarolarga BHMning 1 baravaridan 3 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 3 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

«Ijtimoiy tarmoqdagi barcha norasmiy sahifalar egalaridan asoslanmagan, yolg‘on ma'lumotlarni o‘z sahifalarida e'lon qilmasliklarini so‘rab, yolg‘on ma'lumot tarqatganlik uchun tegishli tartibda javobgarlik mavjudligi haqida ogohlantiramiz»,deyiladi Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi xabarida.

Mavzuga oid
Top