10:49 / 04.12.2020
15896

FVV rasmiysi bilan suhbat: Bozorlardagi yong‘inlar, «pojarniydanmiz» deb pul yig‘uvchilar va mash'um is gazi haqida

Qish. Sovuq fasl. Ko‘pchilikni qiynaydigan qator muammolar ustiga turli hududlardagi ayanchli yong‘inlar, is gazi tufayli o‘limlar haqidagi xabarlar ko‘payib qolgan davr. Yana bozorlarning ustma-ust yonishi ham kishida shubha o‘yg‘otishi tabiiy. Yong‘in xavfsizligiga oid shu va boshqa masalalar bo‘yicha FVV boshqarma boshlig‘i Zulfiqor Qilichov bilan suhbatlashdik.

– So‘nggi kunlarda havo harorati pasaygani yong‘inlar soniga ta'sir qilishi ham tabiiy. Bu boradagi aniq raqamlar bormi? Ya'ni o‘tgan yilning ayni shu 10 kunligi va bu yildagi 10 kunlikdagi ko‘rsatkichlar qanday farqlanadi?

– Ming afsuski, ehtiyot choralariga, targ‘ibot tadbirlariga qaramay bu muddatda yong‘inlar soni ortgan. 2020 yilning 18 noyabridan 27 noyabriga qadar, ya'ni 10 kun mobaynida respublikada 482 ta yong‘in qayd etilib, bu hodisalar oqibatida 11 kishi vafot etgan hamda 10 kishi kuyish tan jarohati olgan. 2019 yilning xuddi shu davrida 388 ta yong‘in sodir bo‘lib, 7 kishi vafot etgan, 9 kishi kuyish tan jarohati olgan. Ko‘rinib turibdiki, baxsiz hodisalar soni salkam 100 taga oshgan.

– So‘nggi paytlarda bozorlardagi yong‘inlar soniga oid xabarlar ko‘paydi. Bu boradagi statistika qanday va nega aynan bozorlar? Bozorlar ataylab yoqilishiga oid taxminlarga qanday qaraysiz va bu boradagi surishtiruvlar haqida ma'lumot bersangiz?

– 2020 yilning o‘tgan davri mobaynida respublika hududidagi bozorlar va savdo kompekslarida 9 ta yong‘in sodir bo‘lib, oqibatida 369 mln so‘mdan ortiq moddiy zarar yetkazilgan. Sodir bo‘lgan yong‘inlarning 8 tasi elektr uskunalaridan foydalanish va tuzilish qoidalari buzilishidan, bittasi chekish vaqtida ehtiyotsizlikdan deb topilib, Davlat yong‘in nazorati hamda ichki ishlar organlari tomonidan tekshiruv harakatlari olib borilib, tegishli qarorlar qabul qilingan. Har bir yong‘in holati bo‘yicha alohida surishtiruvlar olib boriladi.

– Juda og‘riqli va jiddiy muammo – is gazidan zaharlanish. Yaqinda Xovosdagi bir oilaning 4 nafar a'zosi, ona va uch bolasi vafot etgani ayanchli holat. Nega bunday holatlar kamaymayapti?

– Chindan ham bu juda ayanchli hol. Har bir holat barcha yurtdoshlarimizni va birinchi navbatda bizni qattiq o‘ylantiradi.

Statistik ma'lumotlarga ko‘ra, respublikada so‘nggi uch yil ichida kuzgi-qishki isitish mavsumida sodir bo‘layotgan favqulodda vaziyatlarning aksariyati is gazidan zaharlanish holatlari bilan bog‘liq.

Aytib o‘tish kerakki, olib borilayotgan keng qamrovli profilaktik tadbirlarga qaramasdan, afsuski, is gazidan zaharlanish bilan bog‘liq ko‘ngilsiz holatlar hamon davom etmoqda. Buning asosiy sabablari sifatida quyidagilarni aytib o‘tish mumkin:

Birinchidan, is gazi tabiatda keng tarqalgan, tutunning tarkibida 3 foiz, ishlangan gazda 13 foiz, portlovchi gazlar tarkibida esa 50-60 foizgacha is gazi bo‘ladi. Har qanday yonish mahsulotlari tarkibida is gazi mavjud. Tabiiy gaz, yoqilg‘i, ko‘mir, o‘tin cho‘g‘lari to‘liq yonmasligi oqibatida bunday gaz hosil bo‘ladi. Demak, kundalik hayotda is gaziga ko‘p duch kelamiz.

Ikkinchidan, is gazini sezgi organlari orqali aniqlash mushkul. Is gazi rangsiz, hidsiz, (tovushsiz) bo‘lganligi sababli aksariyat hollarda odamlar uning paydo bo‘lishini sezmay qoladi.

Uchinchidan, is gazi favqulodda xavfli zaharli gaz hisoblanadi. U organizmga nafas a'zolari orqali ta'sir etadi. Ushbu gaz gemoglobin bilan kislorodga nisbatan 300 marta kuchli birikma — karboksigemoglobin hosil qiladi. Oqibatda gemoglobinning to‘qimalarga kislorod tashish xususiyati keskin pasayib, gipoksiyaga, og‘ir holatlarda esa – anoksiyaga (tananing kislorodsiz qolishiga) olib kelishi hamda inson hayotdan ko‘z yumishi mumkin. Ya'ni is gazi ta'sirida sergak insonning uyqusi kelishi, holsizlanishi mumkin, uyqu holatida esa hech narsani anglay olmay halok bo‘lishi hech gap emas.

To‘rtinchidan, afsuski, fuqarolarimiz tomonidan is gazi bilan bog‘liq ogohlantirishlarga yetarlicha e'tibor berilmayapti. Aytib o‘tish kerakki, agar hamyurtlarimiz mazkur xavfni anglab, xavfsizlik choralarini ko‘rishga jiddiy kirishmas ekan, soha xodimlari tomonidan olib borilayotgan ishlar faqat biryoqlama bo‘lib qoladi va ko‘zlangan natijaga erishib bo‘lmaydi.

Is gazidan zaharlanish holatlarining aksariyati quyidagi sabablarga ko‘ra yuzaga kelmoqda:

  • Gaz va muqobil yoqilg‘i (ko‘mir, o‘tin va boshqa) turlaridan foydalanishda xavfsizlik choralariga rioya etmaslik;
  • Nostandart (qo‘lbola yasalgan) yoki sertifikatga ega bo‘lmagan isitish pechlari va anjomlaridan foydalanish;
  • Isitish pechlarining dudburonlarini noto‘g‘ri o‘rnatish;
  • Gaz yoki boshqa muqobil yoqilg‘iga moslashtirilgan isitish pechlarini (anjomlari) dam olish (uxlash) xonalariga olib kirish;
  • Havo almashmaydigan xonalarni isitishda ochiq olovdan (ko‘mir va o‘tin cho‘g‘lari) foydalanish;
  • Havoni almashtiruvchi shamollatish shaxtalari yoki tuynuklarni berkitib (to‘sib) qo‘yish.

Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan sabablarga ko‘ra isitish uchun foydalanilayotgan yoqilg‘i (gaz, ko‘mir, o‘tin va boshqa) chala yonishi natijasida is gazi hosil bo‘ladi.

Afsuski, yuqoridagi kamchiliklar kundalik hayotimizda juda ko‘p uchraydi. Biz oddiy va arzimas deb hisoblaydigan mazkur kamchiliklar is gazi paydo bo‘lishi va to‘planishiga sabab bo‘ladi.

Yuqoridagi holatlarning kelib chiqishiga yo‘l qo‘ymaslik orqali is gazidan zaharlanish bilan bog‘liq ko‘ngilsiz holatlarning oldini olish mumkin.

– So‘nggi paytlarda maxsus forma kiyib olganicha «pojarniydanmiz» deb pul yig‘ib yuruvchilar ko‘paydi. Mana shu tizimga oid rasmiy ma'lumot bera olasizmi? Ular sizlarga qay darajada aloqador?

So‘nggi yillarda, asosan kuz-qish mavsumi boshlanishi bilan mamlakatimiz bo‘ylab, maxsus kiyim-boshdagi shaxslar o‘zlarini «davlat yong‘in nazorati organi xodimi» sifatida tanishtirib, fuqarolardan «yillik to‘lov» qabilida turli miqdordagi pul mablag‘larini majburiy tarzda noqonuniy yig‘ish holatlari kuzatilmoqda.

Mazkur holat yuzasidan Favqulodda vaziyatlar vazirligi yuqorida aytib o‘tilgan shaxslarning FVV faoliyatiga hech qanday aloqasi yo‘qligi, shu bilan birga, yong‘in va uning oldini olish bilan bog‘liq tadbirlar uchun vazirlik tizimi xodimlari tomonidan hech qanday pul yig‘imlari, boshqa turdagi to‘lovlar undirilmasligi haqida ko‘p marta ma'lumot bergan.

O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi fuqarolardan quyidagilarga e'tibor qaratishini so‘raydi:

  • o‘zini FVVning quyi tizimlariga o‘xshash tashkilotlar nomlari bilan tanishtirgan shaxslardan, birinchi navbatda, o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatini taqdim etishini so‘rash lozim;
  • ularning faoliyat turi hamda qanday xizmatlar ko‘rsatishi va ishlarni bajarishlariga aniqlik kiritish kerak.

Abror Zohidov suhbatlashdi

Mavzuga oid
Top