10:03 / 04.12.2020
4552
Mudofaa vazirligi shtatida mavjud bo‘lgan qurol-yarog‘ va texnikalarning 27 foizi yangilandi

2020 yil 3 dekabr kuni Oliy Majlis Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining videokonferensaloqa tarzida majlisi bo‘lib o‘tdi. 

Senat axborot xizmati xabariga ko‘ra, majlisda O‘zbekiston mudofaa vazirining mamlakat Qurolli Kuchlari va harbiy qurilishini rivojlantirish hamda harbiy xavfsizlikni ta'minlash bo‘yicha 2020 yilning 10 oyi davomida bajarilgan vazifalar holati to‘g‘risidagi axboroti eshitildi.

Ta'kidlanganidek, qo‘shinlarning jangovar shayligi va tayyorgarligini sifatli tashkil etish hamda yuqori darajaga ko‘tarish maqsadida “Chirchiq” poligoni hududida Mudofaa vazirligining modellashtirish va simulyatsiya dala-o‘quv markazi yangidan barpo etilgan.

Tog‘ tayyorgarligi o‘quv-mashqlar markazi, “Kattaqo‘rg‘on”, “Termiz”, “Angren” va “Sazagan” poligonlari xalqaro talablarga mos ravishda yangi ko‘rinishda ta'mirlandi. Ularning o‘quv-moddiy bazalari zamonaviy vositalar bilan jihozlangan.

Har yili takrorlanib o‘tkaziladigan mashg‘ulotlarga chek qo‘yildi. Haftaning qatorasiga 4 kuni faqat jangovar tayyorgarlikka ajratilib, mashg‘ulotlar sifati va soni oshirilgan.

So‘nggi yillarda qo‘shinlarni yangi qurol-aslaha va texnikalar bilan ta'minlash ishlari jadal sur'atlarda olib borilishi natijasida shtatda mavjud bo‘lgan qurol-yarog‘ va texnikalarning 27 foizi yangilangan.

Majlisda 2020 yilning o‘tgan davri mobaynida ayrim topshiriqlarning ijrosi to‘laqonli bajarilmaganligi ta'kidlandi.

Qayd etilganidek, so‘nggi oylarda kuzatilgan epidemiologik vaziyat sababli mamlakatda mavjud ayrim harbiy shaharcha va poligonlardagi obektlarda qurilish va ta'mirlash ishlari to‘liq yakuniga yetkazilmagan.

Bundan tashqari, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash sohasida viloyat, tuman va shaharlar kesimida hududiy xususiyatlarni inobatga olgan holda yoshlarning toifalaridan kelib chiqib, maqsadli va manzilli tadbirlarni amalga oshirish ishlari sust olib borilgan.

Shuningdek, bugungi kunda oliy harbiy ta'lim muassasalariga qabul qilish jarayonlari bir nechta bosqichda olib borilib, hamon murakkabligicha qolmoqda.

Majlisda Senat Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining Mudofaa vazirligi faoliyati samaradorligini yanada oshirish maqsadida tegishli qarori qabul qilindi.

Top