00:44 / 04.12.2020
7155
Noyabrda pandemiyaning ilk 4 oyidagiga teng sonda kasallanish holatlari qayd qilindi
Foto: Getty Images

Dunyoda pandemiyaning birinchi 4 oyida qancha odam koronavirusga chalingan bo‘lsa, birgina noyabrning o‘zida shuncha odam virusga chalindi. Noyabrda kasallanish holatlari soni dunyo bo‘yicha 17,3 milliontani tashkil qildi. 

Bu ko‘rsatkich oktyabrdagiga nisbatan 5,6 milliontaga ko‘p bo‘ldi. Bundan tashqari, noyabrda oktyabrga nisbatan 1,7 marta ko‘proq o‘lim holatlari qayd etilgan va ular soni 280 mingtaga yaqinni tashkil qilgan. 

Shu bilan birga koronavirusdan o‘lim darajasi pasaymoqda va noyabrda umumiy kasallanganlar sonidan 2,3 foizni tashkil qilgan. Oktyabrda bu ko‘rsatkich 2,7 foizni, pandemiya boshida esa 3,6 foizni tashkil qilgandi.  

Shuningdek, noyabrda sog‘ayib ketganlar soni sezilarli ko‘paygan va 8,6 mln kishini tashkil qilgan. Bu esa oktyabrdagidan 3,5 mln ko‘proqni tashkil qiladi. Shunga qaramay, noyabrda sog‘ayganlar soni oktyabrdagi 66,8 foizlik darajadan 64 foizgacha kamaygan.

Oktyabrda infeksiyaning jadal tarqalishi kuzatilgan Yevropada noyabrda Germaniya, Italiya va Polshadan tashqari, deyarli barcha davlatlarda vaziyatni barqarorlashtirishga muvaffaq bo‘lingan. AQSh va Osiyoda yana kasallanish darajasi o‘sishi kuzatilmoqda. 

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top