08:44 / 04.12.2020
5192

O‘zbekistonda antikorrupsiya laboratoriyalari tashkil etilmoqda

O‘zbekistonda ilk bor antikorrupsiya laboratoriyalarini tashkil etish bo‘yicha loyiha ishga tushirilmoqda. Bu haqda «Yuksalish» umummilliy harakati matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Getty Images

Qayd etilishicha, ushbu tashabbus “Yuksalish” umummilliy harakati, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan “Mintaqaviy muloqot” (Sloveniya) xalqaro nodavlat tashkiloti ko‘magida amalga oshirilmoqda.

Loyiha sakkiz bosqichda olib boriladigan yirik antikorrupsion tadqiqotlarni o‘z ichiga oladi. Yakuniy maqsad — ta'limning barcha bosqichlarida, ya'ni maktabgacha ta'limdan oliy ta'limgacha korrupsiya holatlarining to‘liq manzarasini hosil qilish.

“Ta'lim tizimi ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p muhokama qilinadigan mavzulardan biri. Aynan shuning uchun ushbu soha antikorrupsiya laboratoriyalarini tashkil qilish loyihasining tayanch nuqtasi sifatida tanlab olindi”, - deyiladi ma'lumotda.

Ta'kidlanishicha, tadqiqotning birinchi bosqichida ta'lim tizimining zaif tomonlari, xususan, bolalarning maktabga qadam qo‘yishi bosqichida ehtimoliy va mavjud korrupsion xatarlar aniqlanadi.

Korrupsiya xatarlari o‘tkaziladigan so‘rov natijalari, statistik ma'lumotlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, moliyaviy nazorat organlari, shuningdek, mobil dasturlar orqali yuridik va jismoniy shaxslar murojaatlari asosida baholanadi. Ma'lumotlarni to‘plash va korrupsiya xatarlari tahlili doimiy ravishda o‘tkaziladi, tegishli choralar har uch oyda ishlab chiqiladi.

Jamlangan ma'lumotlar natijalari asosida ushbu tajribani ta'limning boshqa yo‘nalishlarida qo‘llash rejalashtirilgan. Bunda o‘qituvchilarni ishga qabul qilish, dars soatlari, sinf rahbarligini taqsimlash, maktab va sinf fondiga pul yig‘ish, umumiy ta'lim sohasida davlat xaridlari, abituriyentlarni oliy ta'lim muassasalariga qabul qilish, o‘qituvchi va talaba o‘rtasida poraxo‘rlik kabi dolzarb muammolar inobatga olinadi.

To‘plangan, tahlil qilingan va umumlashtirilgan ma'lumotlar korrupsiya xatarlari bo‘yicha keng qamrovli hisobot ko‘rinishida ta'lim tizimida shaffoflikni ta'minlash, mutanosib tavsiyalar bilan taqdim etiladi. Shuningdek, bu kabi laboratoriyalar sog‘liqni saqlash va qurilish kabi sohalardagi muammolarga yechim topish uchun ham tashkil etilishi kutilmoqda. 

Top