22:11 / 04.12.2020
18954
O‘zbekistonda chaqaloq savdosining 3 ta asosiy sababi ma'lum qilindi

O‘zbekistonda so‘nggi uch yilda jami 114 nafar bola chaqaloq savdosidan jabrlangan. Ularning deyarli 90 foizi – 1 yoshgacha bo‘lgan bolalardir.

2017–2020 yillardagi holatlar tahliliga ko‘ra, o‘z chaqalog‘ini sotgan ayollarning 31 foizi bu ishga og‘ir ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat tufayli, 17 foizi homilani yashirishga harakat qilgani uchun, 52 foizi esa moddiy manfaat topish yo‘lida qo‘l urgan.

Bu haqda Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida ma'lum qilindi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Yig‘ilishni olib borgan komissiya raisi Tanzila Norboyevaning qayd etishicha, O‘zbekistonda odam savdosi jinoyatlari oxirgi 5 yilda 6 baravarga kamaygan, lekin uning tarkibida chaqaloq va bolalar savdosi salmog‘i har yili surunkali ravishda oshib bormoqda.

«Dunyo bo‘yicha odam savdosi qurbonlarining 30 foizi bolalar hisoblanadi. O‘zbekistonda esa 2018 yilda odam savdosi jinoyatlari ichida chaqaloq savdosining ulushi 28 foizni, 2019 yilda 44 foizni tashkil etgan.

So‘nggi uch yilda chaqaloq savdosidan jami 114 nafar bola jabrlanib, ularning asosiy qismi, ya'ni 89 foizi 1 yoshgacha bo‘lgan bolalar hisoblanadi.

Chaqaloq sotib oluvchi shaxslar bilan o‘tkazilgan suhbat natijalariga ko‘ra, ular bu ishga farzandi bo‘lmagani, oilasini saqlab qolish chorasi sifatida qo‘l uradi hamda bola o‘z aqlini tanib olmasdan, kichikligida asrab olishim kerak, degan vajni keltirishadi», – dedi Tanzila Norboyeva 4 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda.

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Bildirilishicha, chaqaloq savdosida ishtirok etganlarning jinoiy javobgarlikka tortilmasligi bu jinoyatning ko‘payib borishiga zamin yaratmoqda.

Xususan, farzandini sotgan ota-onalarning 38,8 foiziga, vositachilarning 5,2 foiziga qamoq chorasi qo‘llanilgan. Qolganlarga esa sinov muddati, axloq tuzatish ishlariga jalb etish choralari bilan cheklanilgan.

Komissiya raisi chaqaloq savdosida tibbiyot xodimlari ham ishtirok etayotganini aytib, 2019 yilda bu jinoyatlarning 12,2 foizi ularning vositachiligida amalga oshirilganini ma'lum qildi.

«Tug‘uruqxonalarda chaqaloq savdosini amalga oshirish maqsadida ayollarning homiladorligini yashirish, qalbaki hujjatlar tayyorlash, farzandini o‘ldi deb soxtalashtirish bilan bog‘liq holatlar ham aniqlanmoqda.

Yana bir jihatga diqqatingizni qaratmoqchiman. Yangi tug‘ilgan chaqalog‘ini sotmoqchi bo‘lgan ayollarning 75 foizi oilaviy, hududiy poliklinika ro‘yxatidan o‘tmagani aniqlangan.

Bu jinoyatning ko‘payib borishiga nimalar sabab bo‘lyapti? Chaqaloq savdosiga qarshi kurash borasida davlat organlarining hamkorligi bo‘yicha yaxlit tizim yo‘q. Fertil (tug‘uruq) yoshidagi ayollarni hisobga olish, homiladorlikning erta bosqichidan tug‘uruqqacha avtomatlashtirilgan tizim yo‘lga qo‘yilmagan.

Homilador ayollar tibbiy ko‘rigini tashkil etish borasida patronaj va umumiy amaliyot shifokorlarining mahalla, profilaktika inspektorlari bilan hamkorligi samarali emas. Shuningdek, aholi bolani qonuniy asrab olish bo‘yicha to‘liq ma'lumotga ega emas», – dedi Norboyeva.

Top