10:51 / 04.12.2020
17349

O‘zbekistonda ham o‘zi bilan haydovchilik guvohnomasi olib yurmaganlik uchun jarimalar bekor qilinishi mumkin

Kuni kecha Qozog‘istonda haydovchilar o‘zi bilan haydovchilik guvohnomasi va texpasport olib yurmaganlik uchun belgilangan jarimalar bekor qilinishi haqida xabarlar tarqaldi.

Foto: IIV YHXBB Axborot xizmati

AstanaTv'ning xabar berishicha, bu haqdagi qonun loyihasi mamlakat prezidenti Qosim Jo‘mart To‘qayev tashabbusi bilan ishlab chiqilib, mamlakat parlamenti tomonidan ma'qullangan.

«Ushbu qonun kuchga kirgandan keyin haydovchilar shaxsni tasdiqlovchi hujjat bilan yurishi mumkin, ularning haydovchilik guvohnomasi bor yoki yo‘qligi, mashinaning texnik ko‘rikdan o‘tgan yoki o‘tmaganligini yo‘l patrul inspektori o‘zining plansheti orqali onlayn tekshirib olishi mumkin bo‘ladi. Natijada ba'zi sabablarga ko‘ra guvohnomasini uyda unutib qoldirgan haydovchilar yo‘q joydan jarima to‘lashdan qutuladi», — deyiladi xabarda.

Ma'lumotlarga ko‘ra, Qozog‘istonda 2020 yilning o‘zida haydovchilik guvohnomasi yoki mashinaning boshqa hujjatlari oldida emasligi uchungina 150 mingdan ortiq fuqarolar jarima to‘lashga majbur bo‘lgan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev O‘zbekistonda ham shunday tartibni joriy etish vaqti kelgani hamda bunga imkoniyatlar yetarlicha ekanligini aytdi.

«Bu tartibga o‘tishni tez kunlarda amalga oshirishga kirishamiz. Ishqilib har xil bahonalar bilan qarshiliklar bo‘lmasin-da», — deb yozadi deputat.

Top