20:31 / 04.12.2020
6283
YeOIIga kuzatuvchi sifatida kirish bo‘yicha atroflicha tahlillar o‘tkazildi - Odiljon Iminov

Senatning Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Odiljon Iminov O‘zbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga kuzatuvchi sifatida kirishdan oldin jarayonning salbiy va ijobiy jihatlari o‘rganilgani haqida gapirdi.

«Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga kirish bo‘yicha hamkorlikdagi komissiya bilan birgalikda ishlandi. Bu jarayonda juda chuqur, atroflicha tahlillar o‘tkazildi. O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga kuzatuvchi sifatida kirish jarayoni boshlanyapti.

Bu jarayonlarda qaysi darajada mamlakat iqtisodiyotiga ham ijobiy, ham salbiy tomonlari yoki ijtimoiy-iqtisodiy hayotimizda bo‘ladigan muammolar yoki o‘zgarishlar, talab qilinadigan xarajatlar – bularning hammasi tahlil qilinib, o‘rganib chiqilib, kuzatuvchilik maqomi mana shu o‘rganishlarga yanada kengroq imkoniyat berishi ta'kidlandi va shunday qarorlar qabul qilindi», dedi Odiljon Iminov AOKAda davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev yanvarda parlamentga yo‘llagan Murojaatnomasida ushbu masala hukumat tomonidan parlament muhokamasiga kiritilishi va xalq vakillari bilan batafsil ko‘rib chiqilishini ma'lum qilgan edi. Mart oyining boshlarida esa O‘zbekiston YeOIIga kuzatuvchi-davlat maqomida qo‘shilishi ma'lum bo‘lgandi.

May oyida Senat ko‘pchilik ovoz bilan O‘zbekistonning kuzatuvchi davlat sifatida Yevropa ittifoqi bilan hamkorligini ma'qullagandi. 71 senator bunga qo‘shilishini bildirgan, 16 kishi qarshi ovoz bergan, 4 kishi esa betaraf qolgandi.

17 noyabr kuni Senat raisi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Atlantika kengashidagi chiqishi davomida O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo‘lishi jamoatchilik orasida YeOIIga a'zo bo‘lishdan ko‘ra kamroq bahslarni yuzaga keltirayotganini ma'lum qilgandi.

Top