15:34 / 05.12.2020
4534

AQSh Somalidan qo‘shinlarini olib chiqib ketishini e'lon qildi

Pentagonning bildirishicha, bu AQSh Afrikadagi harbiy salohiyatini susaytirishini anglatmaydi.

Foto: Global Look Press

AQSh prezidenti Donald Tramp Somalidan Amerikaning deyarli barcha harbiylarini olib chiqib ketish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda Pentagon matbuot xizmati xabar berdi.

“AQSh prezidenti mudofaa vazirligi va AQShning Afrikadagi qo‘mondonligiga 2021 yil boshida Somalidagi harbiy xizmatchilarning katta qismini boshqa mamlakatlarga ko‘chirishga buyruq berdi”, – deyiladi xabarda.

 Pentagonning bildirishicha, bu AQSh Afrikadagi harbiy salohiyatini susaytirishini anglatmaydi.

“Bu harbiylarning bir qismi Afrika sharqini tark etishini bildiradi. Ammo qolgan kuchlar Somaliga qo‘shni mamlakatlarga joylashtiriladi va ular Somali hududida operatsiyalar o‘tkazishga shay holatda turadi”, – deya qayd etadi Pentagon.

 The Wall Street Journal gazetasining yozishicha, Somalida 700 nafarga yaqin amerikalik harbiy bor. Nashrning qayd etishicha, ularning bir qismi Keniya va Jibutidagi bazalarga ko‘chiriladi.

Top