09:47 / 05.12.2020
11820

«Chunki imtiyoz ko‘p» – Xolmo‘min Yodgorov mehribonlik uylarida ota-onasi bor bolalarning ko‘pligi haqida

Mehribonlik uyida tarbiyalanayotgan 2047 nafar bolaning bor-yo‘g‘i 15 foizi – 316 nafari chin yetim bolalar.

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Sudyalar oliy kengashi raisi Xolmo‘min Yodgorov asli ota-onasi bor bolalarning ham mehribonlik uyida tarbiyalanayotgani bo‘yicha fikr bildirdi.

“Bu muassasalarda tarbiyalanayotganlarning asosiy qismining ota-onasi bor. Chin yetimlar barmoq bilan sanarli. Qonunlardagi bo‘shliqlardan ota-onalar foydalanib qolyapti. Chunki mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisiga imtiyoz katta, bu yerda sharoit yaxshi, o‘qitish yaxshi. Tugatgandan keyin uy-joy berilyapti, o‘qishga kiritib qo‘yilyapti. Aslida mehribonlik uyida agar u chin yetim bo‘lmasa, bir yil saqlanishi kerak.

Shunday tarbiyalanuvchilarning bobo-buvisi, ota-onasini chaqirib gaplashaman. Sog‘lom ekansiz, yordam beramiz, ish beramiz, farzandingizni olib keting desa, yo‘q, shu yerda tarbiyalansin deydi. Unda farzandlikka berib yuboramiz, desak ham qarshiman deydi”, dedi u Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasining 4 dekabr kuni o‘tkazilgan navbatdagi yig‘ilishida.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, komissiya yig‘ilishida mamlakatda chaqaloq savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarning ortib borayotgani, buni keltirib chiqarayotgan sabablar muhokama qilindi. Ma'lum qilinishicha, mamlakatda farzand asrab olishga bo‘lgan talab yuqori – so‘nggi uch yilda buning uchun 10 ming oila navbatga qo‘yilgan. Ammo mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilarining aksarining ota-onasi borligi bois ularni farzandlikka berishning imkoni yo‘q.

Komissiya raisi Tanzila Norboyeva bolasini mehribonlik uyiga tashlab ketayotgan ota-onalar mas'uliyatsizligini tanqid qildi.

“Ota-onalar Rossiyaga ishlagani ketayotib ham bir yilga bolasini mehribonlik uyiga tashlab ketish holatlari bor. SOS bolalar mahallasining eshigi tagiga tashlab ketadi. Ishlab qaytgunimizcha qarab turishsin deydi. Biz esa bolani ko‘chaga chiqarib yubora olmaymiz. Davlat boqadi, mayli. Lekin ota-onalik, qarindoshlik mas'uliyati qani?” – dedi Norboyeva.

Top