04:24 / 05.12.2020
6511
Edvard Snouden Trampdan Assanjni afv etishni iltimos qildi
Foto: Reuters

AQSh maxsus xizmatlarining sobiq xodimi Edvard Snouden AQSh prezidenti Donald Trampdan “Wikileaks” asoschisi Julian Assanjni afv etishni so‘radi.
         
“Janob prezident, agar siz prezidentligingiz vaqtida bitta afvni taqdim qila olsangiz, iltimos, Julian Assanjni ozod qiling. Birgina siz uning hayotini saqlab qola olasiz”, deb yozgan Snouden Twitter’da.

AQSh hozirda Britaniyada hibsda ushlab turilgan Assanjni davlat departamentining o‘ta maxfiy hujjatlarini oshkor qilgani uchun sudlamoqchi. Assanjga ushbu ayblov bo‘yicha 175 yillik qamoq yoki o‘lim jazosi xavf solmoqda. Uning Britaniyadan AQShga ekstraditsiya qilinishi masalasi 2021 yil yanvar boshida London sudida ko‘rib chiqiladi. “Wikileaks” asoschisining AQShga topshirilishiga YeXHT va huquqni himoyalash tashkilotlari vakillari qarshi chiqishmoqda.   

Sentyabrda Assanjning advokati Jyennifer Robinson AQSh prezidenti Donald Tramp Assanj AQShdagi 2016 yilgi prezident saylovlari oldidan Demokratlar partiyasiga uyushtirilgan kiberhujum haqida ma'lumot taqdim etsa, uni afv etishini taklif qilganini ma'lum qilgan.

Top