18:26 / 05.12.2020
7142
Eldor Shomurodov – OFK tomonidan haftaning eng yaxshi futbolchisi deb topildi

Osiyo futbol konfederatsiyasi rasmiy sayti so‘nggi bir hafta davomida xorij chempionatlarida o‘zini ko‘rsata olgan osiyolik futbolchilarni e'tirof etib, hafta qahramonini aniqlash uchun so‘rovnoma o‘tkazdi.

Besh kun davomida OFK saytida o‘tkazilgan so‘rovnoma yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston milliy jamoasi hamda «Jyenoa» klubi forvardi Eldor Shomurodov haftaning qit'adan tashqarida to‘p surayotgan osiyolik eng yaxshi futbolchisiga aylandi.

O‘zbekistonlik hujumchi jami ovozlarning qariyb yarmi - 46%ga ega chiqdi. Bu borada Eldorni ta'qib etgan eronlik forvard Shahob Zohidi esa 29% foiz ovoz to‘plagan.

Eldor Shomurodovdan tashqari, so‘rovnomada hafta qahramoni bo‘lish uchun Junya Ito (Yaponiya), Takexiro Tomiyasu (Yaponiya), Aver Mabil (Avstraliya), Karim Ansarifard (Eron), Daichi Kamada (Yaponiya), Nikita Rukavitsa (Avstraliya), Ahmad Yosin (Iroq), Shahob Zohidi (Eron), Parvizjon Umarboyev (Tojikiston) da'vogarlik qilayotgandi.

Eslatib o‘tamiz, Shomurodov dushanba kuni A Seriya doirasidagi «Jyenoa» - «Parma» (1:2) bahsida Italiya chempionatidagi ilk golini kiritgandi. «Jyenoa»ning navbatdagi bahsi dushanba kuni «Fiorentina»ga qarshi o‘tadi.

Top